Terakt tahdidi tufayli Teylor Sviftning konsertlari bekor qilindi
Olam
−
08 avgust
4786Amerikalik estrada yulduzi Teylor Sviftning Venada bo‘lib o‘tadigan uchta konserti ham bekor qilindi. Bu haqda kecha, 7 avgust kuni kechki payt shou tashkilotchisi Barracuda Music xabar berdi.
“Rasmiylar Ernst Happel stadionida rejalashtirilgan teraktni tasdiqlaganligi sababli, barchaning xavfsizligi uchun bizda rejalashtirilgan uchta konsertni bekor qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q”, deyiladi xabarda.
Avstriya politsiyasi Vena va Quyi Avstriya federal yerining Ternits shahrida sodir etilgan teraktga tayyorgarlik ko‘rishda gumon qilingan ikki shaxs hibsga olingani haqida xabar bergan. Huquq-tartibot idoralari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar Vena va uning atrofidagi ommaviy tadbirlarda teraktlar uyushtirish bo‘yicha aniq rejalarga ega bo‘lgan.
Tintuv chog‘ida xonadonlardan birida kimyoviy moddalar topilgan va hozirda uning tarkibi o‘rganilmoqda. Hibsga olinganlardan biri, 19 yoshli Avstriya fuqarosi ISHID terrorchilik tashkilotining amaldagi rahbariga sodiqlikka qasamyod qilgan.
Politsiya hibsga olingan ikkinchi shaxs haqida hech qanday ma’lumot bermadi. “Kuriyer” gazetasining yozishicha, u endigina 17 yoshda. Politsiyadagi manbalarning ma’lum qilishicha, yana uch nafar gumonlanuvchi qidirilmoqda.
Avstriya federal kansleri Karl Nexammer Teylor Svift konsertlari atrofida juda jiddiy vaziyat borligini e’lon qildi.
“Politsiyamizning xorijiy xizmatlar bilan faol hamkorligi tufayli xavfni o‘z vaqtida tan olish, chora ko‘rish va fojianing oldini olish mumkin bo‘ldi”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Teylor Sviftning Venadagi uchta konsertidan birinchisi bugun, 8 avgust kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Har bir tomosha uchun 60 mingga yaqin chipta sotilgan. Tashkilotchi chiptalar uchun pulni o‘n ish kuni ichida qaytarishga va’da berdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr