Termiz davlat pedagogika instituti o‘tkazgan 2 mlrd so‘mlik tender natijalari bekor qilindi
Jamiyat
−
06 avgust
4804Termiz davlat pedagogika instituti tomonidan o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 2 mlrd so‘mlik tender savdosi natijalari bekor qilindi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Raqobat qo‘mitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasiga Termiz davlat pedagogika instituti tomonidan 2024 yil 11 iyulda boshlang‘ich qiymati 2 mlrd so‘mlik o‘tkazilgan tender savdosi yuzasidan murojaat kelib tushgan.
“Qo‘mita tomonidan murojaatga asosan olib borilgan o‘rganishda, Buyurtmachi (Termiz davlat pedagogika instituti) tomonidan institutining yangi qurilayotgan o‘quv binosiga mebellar xarid qilish uchun boshlang‘ich qiymati 2 002 382 125 so‘mlik tanlov savdosi o‘tkazilgan. Mazkur tender savdosida, buyurtmachi tashkilot (xarid komissiyasi) tomonidan ishtirokchilar (“Stekloplastik” MCHJ, “Global tex prom servis” MCHJ,“ Muhammadali savdo sanoat servis” MCHJ, “Farovon-fayz” XK, “Neatest” MCHJ va “Omad xamrox mezon” MCHJ) taqdim etgan tanlov takliflarini baholash mezonlarining nisbiy qiymati ishlab chiqilmaganligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Ishni ko‘rib chiqish natijasida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan Termiz davlat pedagogika institutiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha qo‘mita ko‘rsatmasi bilan tender savdosi natijalari bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Namangan viloyati Kosonsoy tuman obodonlashtirish boshqarmasi amalga oshirgan 28 ta tender savdolarida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangandi.
LiveBarchasi