Tergov departamenti 19 yoshli qiz zo‘rlanishi ortidan muhim eslatma bilan chiqdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, Samarqand viloyatida 19 yoshli qiz ishxonasida tungi navbatchilik vaqtida jinsiy zo‘ravonlika uchragani jamoatchilik orasida muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti munozaralarga sabab bo‘layotgan voqea bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Dastlabki tergov davomida aniqlanishicha, ushbu jinoyat joriy yilning 23 may kuni fuqaro M.B.ga nisbatan A.F. tomonidan sodir etilgan va ushbu haqda ariza bilan murojaat qilingan vaqtdan boshlab mazkur holat belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan holda, Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 391-moddasi tartibida tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilgan.

Jumladan, sudga oid tegishli ekspertizalar tayinlangan, holatning shohidlari aniqlanib, ko‘rsatuvlari rasmiylashtirilgan hamda qator protsessual harakatlar amalga oshirilgan.

Ekspertiza xulosalari va to‘plangan dalillarga asoslangan holda, Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergovga kirishilgan.

Jinoyat ishi doirasida bir qancha protsessual harakatlar o‘z vaqtida, har tomonlama, to‘la va xolisona olib borilib, gumon qilinuvchi dastlabki tergovdan yashiringanligi sababli, Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga asosan, qonuniy zarurat vujudga kelganligi munosabati bilan unga Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilinib, ehtiyot chorasi sifatida “qamoqqa olish” qo‘llanilgan. Ichki ishlar organlarining tezkorlik bilan amalga oshirgan protsessual harakatlari natijasida gumon qilinuvchi qo‘lga olinib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov departamenti O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun-hujjatlariga ko‘ra, fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi yoki ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik qonunda belgilab qo‘yilganiga e’tibor qaratgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13, 27 va 48-moddalarida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanishi hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanliklari qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunining (yangi tahrirda) 6-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanishi belgilangan.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasiga muvofiq, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va ma’naviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanadi. Ushbu kodeksning 19-moddasiga ko‘ra, shu va shunga o‘xshash ma’lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yiladi.

“Afsuski, milliy qonunchiligimizda fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi yoki ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik qonuniy zarurat sifatida belgilangan bo‘lsa-da, jinoyat ishi doirasida shaxsga doir ma’lumotlarning keng jamoatchilikka oshkor qilinishi natijasida ushbu shaxs va uning yaqinlari o‘zlarini jamiyatdan olib qochishlariga, ularning ruhiy tushkunlikka olib kelishi mumkinligi ba’zi mutasaddilarning e’tiborlaridan chetda qolmoqda.

Bundan tashqari, bu toifadagi jinoyatlarni ijtimoiy tarmoqlarda yoritish davomida jabrlanuvchi va uning oila a’zolaridan intervyu va boshqa jinoyat ishiga aloqador ma’lumotlarni olib, ishni sudga borgunga qadar fuqarolar orasida jabrlanuvchining ko‘rsatmasi asosida boshqa shaxslarni aybdor qilib ko‘rsatish holatlari uchrab turibdi.

O‘tkazilgan tergov natijasida ba’zi hollarda gumon qilinayotgan shaxsning aybsiz bo‘lib chiqayotganligi ham hech kimga sir emas. Misol tariqasida Surxondaryo va Andijon viloyatlarida sodir bo‘lgan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlari ham avvaliga tergov organi tomonidan adolatli qaror qabul qilinmayotganligi haqida keng jamoatchilik o‘rtasida xabar tarqatilgan bo‘lsa-da, biroq dastlabki tergov jarayonida to‘plangan dalillarga asosan ushbu jinoyatlardagi holatlar aslida to‘qib chiqarilganligi va jabrlanuvchilarning shu tariqa ko‘rsatmalar berishida boshqa bir shaxslar manfaatdor ekanliklari aniqlangan.

Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish – barcha davlat organlari va jamoat tashkilotlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning majburiyati bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan har bir jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar zamirida undan jabr ko‘rgan fuqarolarning sha’ni, qadr-qimmati va obro‘si yotadi.

Ba’zi hollarda esa, ushbu jinoyatlar bo‘yicha ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lishi, u haqidagi ma’lumotlarni uzluksiz va ko‘r-ko‘rona bayon etib borilishi jinoyatdan jabrlanganlar tomonidan suitsidial harakatlarni amalga oshirishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu munosabat bilan keng jamoatchilik, mas’ul mutasaddilar hamda blogerlardan yuqorida keltirilgan faktorlarni inobatga olgan holda, bunday turdagi jinoyatlarni tafsilotlarini yoritmaslik, faqatgina sud hukmi kuchga kirganidan so‘nggina, belgilangan tartibda davlat idoralarining rasmiy xabarlariga asosan ma’lumotlar yoritilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish natijasida sodir etilgan jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilganligi haqida eslatib o‘tishni lozim topamiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi tekstil korxonalarining birida ishlagan 19 yoshli qiz ish vaqtida zo‘rlangani haqida xabar bergan edik. Fuqaro M.B.ning F.A. o‘zining Spark avtomashinasida uni qo‘llarini bog‘lab, majburlab nomusiga tekkanligi to‘g‘risidagi murojaati yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra 12 iyunda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqanda nomusga tegish

Baholaganlar

557

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing