“Ti teper patsan, a krugom vragi”. Asfaltdagi qon!
Tahlil
−
22 dekabr 2023
11619“Slovo patsana”. Siz bu nomni yoki ushbu filmga ishlangan saundtrekni bir marta bo‘lsa ham eshitgansiz. Lekin nima uchun film bu qadar ommalashdi? Nega Tatariston filmni mamlakatda suratga olishga ruxsat bermadi? Nima uchun Qozog‘iston uning namoyishlarini cheklamoqchi. Film chindan ham qo‘shiq so‘zlarida aytilganidek, sevgi haqidami? Hozir filmning tarixi va real voqealar bilan aloqadorligini ko‘rib chiqamiz.
Rossiyaning "Aigel" dueti tomonidan kuylangan va serialda bir emas bir necha bor ijro etilgan "Pyala" treki Shazam musiqa platformasida, shuningdek, Rossiya va MDH toplarida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Qo‘shiq aslida 2020 yilda chiqarilgan bo‘lsa-da, ushbu filmga qadar bunday mashhurlikka erishmagandi.
Serial shunchalik ommalashdiki, tarmoqlardagi har 3-4 ta videodan birida ushbu qo‘shiq yangrayapti. Odamlar uning qahramonlariga taqlid qilishni boshladi.
Jora Krijovnikov rejissyorligidagi ushbu filmga juda ko‘p vaqt sarflangan. Ssenariy ustida 2 yil ishlangan, kasting esa qariyb bir yil davom etgan. Suratga olish jarayonlari uchun esa taxminan 7 oy vaqt kerak bo‘lgan. Suratga olish guruhida 300 nafar a’zo, 150 nafar aktyor va 500 ga yaqin epizod aktyorlari ishlagan. Serial uchun umumiy hisobda 100 million rubl ya’ni 1 million 106 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflangan.
Film real voqealarga asoslangan. U 1980 yillardagi Tatariston aholisining notinch hayotini aks ettiradi. Bu yillarda Qozonda asosan o‘smirlardan tashkil topgan bosqinchi guruhlar paydo bo‘la boshlaydi. Ommaviy janjallar, o‘g‘irliklar va hatto qotilliklar odamlarni komendantlik soatiga rioya qilishga majbur qiladi. Ayollar va bolalar erkak hamrohsiz ko‘chaga chiqmaslikka harakat qiladi. 1990 yillarda bu jamoalarning bir qismi uyushgan jinoiy guruhlarga aylanadi. Rasmiylar bunday qonunbuzarliklarni 2000 yilga kelibgina bostirishga muvaffaq bo‘ladi.
Shunday guruh a’zolaridan biri bo‘lgan Robert Garayev keyinchalik o‘sha dahshatli davrlar haqida kitob yozdi. Ushbu kitob rejissyor Krijovnikovni qiziqtirib qo‘ydi va u ikki yil davomida “Qozon hodisasi”ni o‘rganib chiqdi. Shunday qilib, tarmoqlarni portlatayotgan film dunyoga keldi.
Dastlab, serialni Qozonda suratga olish rejalashtirilgan, hatto shaharda kasting uchun tayyorgarlik ishlari boshlangan. Ammo ko‘p o‘tmay barcha ishlar to‘xtadi. Bunga mahalliy faollar Qozondagi og‘ir kunlar haqida hikoya yaratilishiga qarshi chiqqani sabab bo‘lgan. Odamlar da’vo arizasi bilan murojaat qilib, filmni to‘xtatishni talab qiladi. Javob esa ko‘p kutilmadi. Tatariston hukumati ham "Qozon hodisasi" – ya’ni, mamlakatda bo‘lgan o‘smirlar to‘dasi o‘rtasidagi shiddatli to‘qnashuvlarning badiiy xronikasini, boshqa qilib aytganda “sharmandali yillarni” suratga olishga ruxsat bermadi.
Shundan so‘ng serial ijodkorlari o‘sha yillardagi Qozon atmosferasini ideal tarzda aks ettiradigan joy qidiradi. Bu esa Rossiyaning Yaroslavl shahri edi. U yerda Qozondagi kabi ko‘chalar, hovlilar va binolar haligacha saqlanib qolgan. Shunday qilib, Tatariston voqealari aks etgan film Rossiya (Yaroslavl)da suratga olindi.
Ammo ish shu bilan bitgani yo‘q. Film tarmoqlarda ommalasha boshlaganidan so‘ng, Rossiya hukumatida ham uni taqiqlash talabi bilan chiqqanlar topildi. Rossiya Davlat Dumasi deputati, Oilani himoya qilish, ota-onalik va bolalik masalalari qo‘mitasi rahbari Nina Ostanina Federatsiya Tergov qo‘mitasi va Roskomnadzorga "Slovo Patsana" seriali namoyishlariga cheklov qo‘yish talabi bilan ikki marta shikoyat xati yubordi.
“Film 18 yoshdan oshganlar uchun mo‘ljallangan. Ammo uni kichik yoshdagi tomoshabinlar ham ko‘radi. Keyinchalik ular filmda ishlatilgan jargonni qo‘llaydi, noqonuniy xatti-harakatlarga taqlid qila boshlaydi”, deydi Ostanina.
Serialda chindan ham janjalli sahnalar, alkogol va tamaki iste’moli tasvirlangan kadrlar ko‘p uchraydi. Xususan, ommaviy janjallarni suratga olish vaqtida aktyorlar juda ko‘p marta jarohat olgan. Shuning uchun doim suratga olish maydonchasida tez yordam mashinasi turgan. Birgina jang sahnasida 20-25 marta o‘q uzilgan. Bundan tashqari, “Universam” guruhi rahbari alkogol, giyohvand moddalarga mukkasidan ketgan odam sifatida tasvirlanadi. U yoshlarga o‘g‘rilar mafkurasini singdiradi. Shuningdek, epizodlardan birida aroq uchun navbat ko‘rsatilgan. Uni suratga olish uchun rejissyor hatto katta kasting o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan.
Ammo davlat Dumasi mamlakat qonunchiligida senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi sabab bu so‘rovni rad etadi. Deputat Mariya Butina intervyularidan birida vaziyatga o‘z munosabatini bildirgan.
“Biz bunday filmlarni cheklay olmaymiz, chunki mamlakatimizda senzura qonun bilan taqiqlangan. Men esa qonun chiqaruvchi Davlat Dumasi deputati sifatida har doim qonun tarafida turaman”, degan u.
“Slovo patsana” Qozog‘iston yoshlari orasida ham ommalashishni boshlagandan so‘ng, mamlakat Ichki ishlar vazirligi ushbu serialning qonuniyligini tahlil qilish talabi bilan Madaniyat va axborot vazirligiga xat jo‘natgan. Shundan so‘ng, Qozog‘istonda serialning yoshlar ongiga salbiy ta’sirini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv boshlandi. Agar departament filmni xavfli, deb hisoblasa, “Slovo patsana. Krov na asfalte” seriali Qozog‘istonda taqiqlanishi mumkin.
“Qonunga ko‘ra, kontent konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga chaqirish, fuqarolarning yaxlitligini buzish, davlat xavfsizligiga putur yetkazuvchi, urush targ‘iboti kabilarni targ‘ib qilsa, Madaniyat vazirligi ushbu serialni zararli deb topadi. Bunday holatda tegishli choralar ko‘riladi”, deydi IIV Ma’muriy politsiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
Filmda asosiy qahramonlar mansub bo‘lgan to‘da – “Universam” to‘qima bo‘lsa-da, 1980 yillarda chindan ham Qozonda “Xadi Taktash”, “Kinoplenka”, “Chayniki” va “Pervaki” kabi jinoiy guruhlar mavjud bo‘lgan. Ba’zi manbalar esa “Universam” to‘dasi Qozondagi ko‘plab uyushgan guruhlarning jamoaviy obrazi ekanligini aytmoqda. Xususan, rus mahalliy nashrlardan biri haqiqatdan ham Kvartals hududida shunday guruh bo‘lganini yozgan.
Biroq serial kamchiliklardan holi emas. Ba’zi qismlarda tomoshabinlar 2014 yilga kelib paydo bo‘lgan sariq va oq piyodalar o‘tish joyini ko‘rishi mumkin. Voqealar esa o‘zingiz bilganingizdek, o‘tgan asrning 80-yillarida sodir bo‘lmoqda. Film qahramoni Vova Adidasning sigaret qutisi, plastik derazalar va maktab o‘quvchilarining oq fartuklari ham shular jumlasidandir. Ammo bu xatolar filmning ommalashishiga katta ta’sir ko‘rsatmadi. Aksincha, tarmoqdagi qizg‘in munozaralar ham loyiha reytingiga hissi qo‘shdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr