Telegram so‘nggi nosozlik sababini tushuntirdi
Olam
−
04 Oktabr
5390Telegram messenjeri bilan bog‘liq muammolarga Yaqin Sharqdagi voqealar tufayli misli ko‘rilmagan yuklama sabab bo‘lgan. Bu haqda messenjerning Telegram-kanalida aytilgan.
"Yaqin Sharqda, xususan Isroil, Livan va Eronda sodir bo‘lgan so‘nggi voqealar tufayli Telegram misli ko‘rilmagan yuklamalarni boshdan kechirmoqda. Oxirgi bir necha kun ichida ayrim foydalanuvchilar vaqtinchalik ulanish muammolari va ommaviy axborot vositalariga kirishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, messenjer texnik guruhining sa’y-harakatlari tufayli u ko‘pchilik mamlakatlarda mavjud bo‘lib qolgan va hozirda barcha muammolar to‘liq bartaraf etilgan.
Yaqin Sharqda nimalar ro‘y bermoqda?
1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) Livan janubida “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdagi operatsiyani boshladi.
Eron 1 oktyabr oqshomida Isroilga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Tehron bunga sabab Isroilning Livandagi “Hizbulloh” va Falastinning HAMAS guruhlari nishonlariga bergan zarbalari, shuningdek, ular yetakchilarining o‘limi bilan izohladi. Tehron ko‘zlangan maqsadga erishilganini bildirdi. Isroil rasmiylari o‘qqa tutish muvaffaqiyatli bo‘lgani haqidagi da’volarni rad etib, raketalarning aksariyati urib tushirilganini ta’kidlamoqda. Amerika tomoni ham xuddi shunday baho beradi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning harakatlarini katta xato deb atadi va uni javobgarlikka tortishga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ldirilgan “Hizbulloh” va HAMAS yetakchilari Isroil “o‘zini himoya qilishga va qasos olishga qanchalik tayyor ekanini tushunmagan va Tehronda buni tushunmaydiganlar haliyam bor”.