Telegram, Pinduoduo va yana 9 ta servis bloklanishi mumkin
Olam
−
10:54 1518 2 daqiqa
Qirg‘iziston Soliq xizmati xorijiy kompaniyalarni mamlakatda soliq ro‘yxatidan o‘tishga chaqirdi. Aks holda, Pinduoduo, Telegram va boshqa yirik servislarga Qirg‘iziston hududida kirish cheklanishi mumkin. Bu haqda “Economist24” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar Qirg‘izistonda 73 ta xorijiy kompaniya soliq ro‘yxatidan o‘tgan. Biroq Soliq xizmati va tijorat banklari hamkorlikda o‘tkazgan tahlil natijasida mamlakatda katta miqdorda moliyaviy aylanmaga ega bo‘lgan, ammo haligacha soliq hisobida turmagan 11 ta yirik kompaniya aniqlangan.
Ular orasida Pinduoduo, Alibaba, Microsoft, Telegram, VK, Valve, Sony Interactive Entertainment, Epic Games, Electronic Arts, Twitch va Dropbox bor.
Qayd etilishicha, 2024–2025 yillarda Qirg‘iziston fuqarolari ushbu kompaniyalarga jami 15,9 mlnga yaqin tranzaksiya amalga oshirgan. Ularning umumiy qiymati 13,2 mlrd somdan oshgan.
Eng katta pul aylanmasi Pinduoduo hisobiga to‘g‘ri kelgan – 8,89 mlrd som. Keyingi o‘rinlarda Alibaba – 2,83 mlrd som va Microsoft – 1,01 mlrd som bilan qayd etilgan.
Qirg‘iziston Soliq xizmati ushbu kompaniyalarga bir necha bor rasmiy xatlar yuborgani, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi orqali diplomatik kanallardan foydalanilganini ma’lum qildi. Biroq hozirga qadar kompaniyalardan javob olinmagan.
Qirg‘iziston Soliq xizmatining ogohlantirishicha, agar xorijiy kompaniyalar Qirg‘iziston qonunchiligi talablarini bajarmaslikni davom ettirsa, ularning elektron servislariga mamlakat hududida kirishni cheklash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta Avstraliyada 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklovchi qonun kuchga kirganidan so‘ng 756 mingdan ortiq shubhali akkauntni o‘chirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi