Telegram Pavel Durovning hibsga olinishiga rasmiy munosabat bildirdi

Olam

image

Platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi huquqbuzarliklar uchun javobgar ekanligini da’vo qilish bema’nilik hisoblanadi. Bu haqda Telegram rahbariyatining rossiyalik tadbirkor Pavel Durov hibsga olinishi ortidan bergan rasmiy bayonotida keltirilgan. 

Mashhur dasturchi, Telegram asoschisi, Sent-Kits va Nevis, BAA va Fransiya davlatlari fuqarosi Pavel Valeriyevich Durovning hibsga olinishiga Telegram rahbariyati rasmiy munosabat bildirar ekan, kompaniya Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga amal qilishini ta’kidladi.

"Telegram Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga amal qiladi – uning moderatsiyasi soha standartlariga javob beradi va doimiy ravishda takomillashtiriladi. Kompaniyamiz Bosh direktori Pavel Durov tez-tez Yevropa bo‘ylab sayohat qiladi va uning yashiradigan hech narsasi yo‘q. Platformadagi suiiste’molliklar uchun platforma yoki uning egasi javobgar, deb da’vo qilish bema’nilikdir", deyilgan kompaniya bayonotida.

Biroq TASS axborot agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Durovning hibsga olinishi Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni tamoyillariga mos keladi. Agentlikning Bryussel yuridik doiralaridagi manbalariga tayanib yozishicha, YeIning “Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi” qonunida ijtimoiy tarmoq yoki internet-platforma operatori unda joylashtirilgan har qanday kontent uchun javobgar hisoblanadi.

Agentlikka ko‘ra, Parij prokuraturasi Pavel Durovning qo‘lga olinishi yuzasidan bugun, 26 avgust kuni matbuot uchun bayonot berishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, Telegram asoschisiga terrorizm, giyohvandlik, jinoiy sherikchilik, firibgarlik, pul yuvish, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, telegramdagi pedofiliyaga asoslangan kontent singari bir qator ayblovlar qo‘yilgan. Bu ayblovlar bilan Durov Fransiyada 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada amaldorlarga Telegram'dagi yozishmalarni o‘chirish buyurilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Pavel Durov Telegram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing