Telegram qoidalarini buzganlarning ma’lumotlari tegishli organlarga berilishi mumkin
Texnologiya
−
23 Sentabr
7626Telegram asoschisi Pavel Durov messenjer qoidalarini buzganlarning IP manzillari va telefon raqamlari qonuniy talabga muvofiq tegishli organlarga berilishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘z kanalida yozdi.
“Telegram’da qidiruv boshqa xabar almashish ilovalariga qaraganda kuchliroq, chunki u foydalanuvchilarga umumiy kanallar va botlarni topish imkonini beradi. Afsuski, bu xususiyatni noqonuniy tovarlarni sotadiganlar suiiste’mol qilmoqda”, deyiladi uning xabarida.
Qayd etilishicha, so‘nggi bir necha hafta ichida sun’iy intellektdan foydalangan holda maxsus moderatorlar jamoasi Telegram qidiruvini ancha xavfsizroq qilgan. Qidiruvda aniqlagan barcha muammoli kontentga endi kirish imkoni mavjud emas. Agar foydalanuvchilar Telegram qidiruvida xavfli yoki noqonuniy biror narsani topsa, bu haqda @SearchReport orqali xabar berish mumkin.
“Jinoyatchilarning Telegram Search xizmatini suiiste’mol qilishlarini oldini olish uchun biz xizmat ko‘rsatish shartlari va Maxfiylik siyosatimizni yangiladik va ular butun dunyo bo‘ylab izchil bo‘lishini ta’minladik. Qoidalarimizni buzganlarning IP manzillari va telefon raqamlari qonuniy talablarga javoban tegishli organlarga oshkor qilinishi mumkinligini ma’lum qilamiz”, deb yozadi Durov o‘z Telegram-kanalida.
Bildirilishicha, bu choralar jinoyatchilarni qo‘rqitishi zarur. Telegram qidiruvi noqonuniy tovarlarni targ‘ib qilish uchun emas, balki do‘stlar va yangiliklar topish uchun mo‘ljallangan. Deyarli bir milliard foydalanuvchiga ega platformaning yaxlitligini yomon niyatli odamlar xavf ostiga qo‘yishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov hibsga olinganidan so‘ng messenjer ma’muriyati butun dunyo huquq-tartibot idoralari xodimlarining so‘rovlariga faolroq javob bera boshlagani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi