Telegram'da pul yutqazib qo‘ygan ayol joniga qasd qildi
3-sahifa
−
01 avgust
11529Andijon viloyatida onlayn savdo platformasida pul yutqazib qo‘ygan ayol o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Asaka tumani “Xonaqo” MFYda yashovchi N. I. joriy yilning 17 iyul kuni viloyat IIBga murojaat qilib, 28 yoshli qizi M.H. shu kuni soat 17:00 larda uyidan chiqib, noma’lum tomonga ketib, qaytib kelmagani va bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida X.M. ovsiniga Telegram messenjeri orqali onlayn savdo platformasida pul mablag‘i yutqazib qo‘ygani, shu sababli o‘z joniga qasd qilmoqchi ekanini bildirib, ovozli xabar qoldirgani aniqlangan.
Tuman prokuraturasi, tuman IIB va FVB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasiga ko‘ra, 22 iyul kuni soat 10:00 larda Asaka tumani “Labgardon” MFYdan oqib o‘tuvchi “Asaka Tashlamasi” soyidan X.M.ning jasadi tan jarohatlarisiz topilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ayolning o‘limiga yuqori nafas yo‘llarini suv bilan berkilishi oqibatida kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.
“Hozirda mazkur holat yuzasidan Asaka tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi ma’lumotnomada.