Tel-Avivdagi otishmada 6 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
02 Oktabr
9331Kecha, 1 oktyabr kuni Isroilning Tel-Aviv shahri Yaffa hududida otishma va pichoqli hujum oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi, 10 kishi yaralandi. Bu haqda “The Guardian”nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eron Isroilga yirik raketa hujumini uyushtirishidan bir necha daqiqa oldin ikki erkak poyezdda va unga yaqin bo‘lgan ko‘chada o‘t ochib, odamlarni pichoqlab, otib o‘ldirgan. Yaradorlardan besh nafarining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.
Videokuzatuv kamerasi tasvirlariga ko‘ra, to‘pponcha va pichoq bilan qurollangan qora kiyimli ikki erkak temiryo‘l bekati yaqinida poyezddan tushib, o‘tkinchilarga o‘t ochgan.
“Avvaliga biz bu salyut deb o‘ylagandik, lekin keyin bu battarroq narsa ekanini angladik. Ko‘p o‘q ovozlari eshitildi. Biz yerga tushdik, odamlar yig‘lashdi. Men yerda qon oqayotgan odamni ko‘rdim”, deydi guvohlardan biri.
Hujum aks etgan videoda bir qancha jasadlar poyezd stansiyasida “cho‘zilib” yotgani, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bir suratda esa erkaklar yaradorlardan birini yerda yotgan holda qatl qilayotgani aks etgan.
Nashrga ko‘ra, hujumchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘ldirilgan. Politsiya otishma sodir etganlikda gumon qilinayotgan uchinchi shaxsni ham qo‘lga olgan va hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda xorijlik diplomatlar mashinasiga hujum uyushtirilgandi.