Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi. Hamster Kombat qanday o‘yin?
Tahlil
−
10 iyun
43656So‘nggi kunlarda katta-yu kichik, yosh-u qari o‘rtasida Telegram ilovasidagi Hamster Kombat deb nomlangan o‘yin nafaqat ommalashdi balki, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bugungi kunda 60 milliondan oshgan foydalanuvchilar o‘yinning mohiyatini tushunib-tushunmasdan sichqoncha ("Hamyak")ning qornini bosib, tangachalar yig‘ish bilan ovora. Foydalanuvchilarning fikriga ko‘ra, shu yo‘l bilan to‘plangan tangalarni sotib, birjadan mo‘may daromad topish mumkin.
Tangalarni ko‘paytirishning boshqa usullari ham bor. Buning uchun siz o‘yinning ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalariga obuna bo‘lishingiz, shuningdek, do‘stlaringizni o‘yinga taklif qilishingiz kerak. Aynan do‘stlarni taklif qilish sharti sababli Hamster Kombat odamlar orasida tezda ommalashdi.
Birjada hali ro‘yxatdan o‘tib ulgurmagan ushbu Telegram o‘yini ishonchlimi, qonun bilan himoyalanganmi, o‘yin asoschilarning maqsadi nima? Qimmatli vaqtini o‘yin o‘ynash bilan o‘tkazayotgan o‘zbekistonliklarning og‘zi kuyib qolmaydimi? QALAMPIR.UZ ushbu savollarga javobni o‘z ichiga olgan maqola tayyorladi.
Nega aynan “Hamyak”?
Ushbu o‘yinning asosiy shartlaridan biri telefon ekraniga bosib, tanga yig‘ishdir. Yig‘ilgan ballarga qarab ekranda tasvirlangan “Hamyak” semiradi, kiyinadi, so‘ng boyib ketadi. Uning bunday rivojlanishi 4 bosqichdan iborat, jumladan o‘yinning boshida “Hamyak” kal va yalang‘och bo‘ladi. “Hamyak” ustiga qancha ko‘p to‘xtovsiz bosilsa, tangalar soni shuncha ko‘payadi va sichqonchaning ko‘rinishi o‘zgarib boradi.
Kriptovalyuta bo‘yicha soha mutaxassisi treyder Jaloliddin Ravshanovning so‘zlariga ko‘ra, bu marketing strategiyasi bo‘lib, kriptovalyuta industriyasida “Hamyak” degan ko‘chma ma’nodagi atama mavjud. Birja bozorida yangi, deyarli hech narsaga tushunmaydigan, faoliyatini endi boshlagan ishchilarga nisbatan qo‘llaniladi.
“Malakali kriptoinvestorlar uchun “Hamyak” qo‘pol qilib aytganda, go‘sht. U beozor, momiq, jonzot. Real hayotda ham bu jonivor qorni to‘q bo‘lishiga qaramasdan, to‘xtovsiz lunjiga yegulik g‘amlaydi. Treyderlikda esa ular 100 dollar bilan bozorga keladi uni 200 dollar qilib, shu bilan qanoatlanadi. Keyingi safar ko‘proq daromad qilish maqsadida kattaroq pul tikadi. Shu paytda “eski bo‘rilar” “Hamyak”larning puliga qo‘shib o‘zini ham yeb qo‘yadi”, deydi kriptoinvestor.
O‘yin yaratilishidan maqsad
Bir to‘da birjada savdo qiluvchi treyderlar shu kabi airdrop o‘yinlarini o‘ylab topgan. Ular loyihaga katta mablag‘ tikib, ommalashtiradi va odamlarga o‘z hisobidan tanga tarqatadi. Ya’ni Hamster’da yig‘ilayotgan barcha tangalar loyiha asoschilari tomonidan moliyalashtirilgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi “shuncha katta mablag‘ tikib, tekinga tanga tarqatishdan maqsad nima?” Mutaxassisning aytishicha, o‘yin foydalanuvchilari tomonidan yig‘ilgan tangalar birjada savdo boshlangandan keyin o‘yin asoschilarining o‘zi tomonidan sotib olinadi va birjada yanada qimmatroqqa pullanadi. Xulosa qilib aytganda, airdrop foydalanuvchilari sonini ko‘paytirish kriptoinvestorlarning birjadan ko‘proq daromad qilishiga xizmat qiladi.
Hamster’dan pul topish mumkinmi?
Hamster’da tanga yig‘ish jarayoni mart oyida boshlangandi va mish-mishlarga ko‘ra 16 iyunga qadar o‘yin birjadan ro‘yxatdan o‘tishi (listing) kerak. Lekin hali o‘yinga tegishli rasmiy manbalar aniq kunini oshkor qilmagan. Ammo bu ro‘yxatdan o‘tmaydi degani emas.
“O‘yinning listing bo‘lishi ehtimoli yuqori, chunki uning yuqorida ta’kidlanganidek ko‘p sonli foydalanuvchilari bor. Bu juda katta loyiha hisoblanadi. O‘yin ta’sischilari o‘yinga tikkan pullarini chiqarib olishi kerak”, deydi treyder.
Hamster Kombat’da pul ishlash hozircha mavhum bo‘lib turgan paytda shu kabi klikkerlar sirasiga kiruvchi Notcoin o‘yinidan mo‘maygina daromad qilganlar topiladi. QALAMPIR.UZ Notcoin tangasini sotib pul ishlaganlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.
“Bunday o‘yinlardan bemalol pul ishlash mumkin. Misol uchun men Notcoin’dan 500 dollar pul ishlaganman”, deydi so‘rovnoma qatnashchilaridan biri.
“Hozirda Notcoin’ning ayni oshgan payti. Biz narxi ko‘tarilishini kutib kripto-do‘konlarga pullayapmiz”, deydi yana bir ishtirokchi.
Hamster va Notcoin o‘ynaganlar qamaladimi?
Hamster Kombat o‘yini ommalashishi ortidan har kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Hamster va Notcoin’chilar qamaladi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqalmoqda. Haqiqatdan ham bu kabi o‘yinlarni o‘ynaganlar javobgarlikka tortiladimi?
“Albatta yo‘q, agar siz o‘z tangalaringizni qonuniy yo‘l bilan litsenziyaga ega kripto-do‘konlarga sotsangiz, hech qanday muammo bo‘lmaydi, buning aksi bo‘lsa qonuniy javobgarlikka tortiladi. Jumladan, joriy yilning 10 iyun kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tug‘ilgan, Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisi Telegram messenjeri orqali notkoin yig‘ib, noqonuniy oldi-sotdi qilgani uchun 10 sutkaga qamaldi”, deydi Jaloliddin Ravshanov.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-moddasi 4 qismiga ko‘ra, kripto-aktivlarni noqonuniy sotib olish yoki ayriboshlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima to‘lanadi yoki barcha kripto-aktivlar musodara qilingan holda 15 sutkagacha qamoq jazosi tayinlanadi. Qayta sodir etilgan holatda huquqbuzar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 8 qismi bilan bir yildan 5-yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, faqat noqonuniy oldi-sotdi qilganlargina qamalishi mumkin.
Hamster Kombat o‘yini shar’an joizmi?
Yaqinda musulmonlar idorasi Bitcoin va Notcoin kabi kriptovalyutalar bilan savdo qilish shar’an joiz emas degan fatvo bilan chiqdi.
“Kriptovalyutalarning narxlari keskin ko‘tarilib-tushib turishi va ko‘pchilik faqat shu o‘rtadagi farqdan foyda ko‘rishga intilishi unda qimor alomatlari borligini ko‘rsatadi. Ya’ni, aksar odamlar o‘ziga kerak biror mahsulot sotib olishni emas, balki narxning ko‘tarilib-tushishiga pul tikishni maqsad qiladi. Bu esa savdoning asosiy g‘oyasiga ziddir. Islom dini musulmonlarni qimor va unga o‘xshash faoliyatlardan man qilgan. Shar’iy qoidaga ko‘ra, “Haromga olib boruvchi vosita ham haromdir” (“Badoius sanoi’” kitobi)”, deyiladi fatvoda.
Ammo idora shu kunning o‘zidayoq mazkur xabar texnik sabablarga ko‘ra, ehtiyotsizlik oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganini ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Fatvo markazi direktori shayx Nuriddin Xoliqnazar va uning o‘rinbosarlari Haj safarida, mazkur fatvo loyihasi atrofidagi ilmiy-tadqiqot ishlari hali nihoyasiga yetmagan va shuningdek, zamonaviy masalalarni keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
“Siz azizlardan uzr so‘ragan holda ushbu fatvo ustidagi ilmiy tadqiqotlarni nihoyasiga yetkazib, e’tiboringizga havola qilinishini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Nima uchun odamlar bu o‘yinga berilib ketdi?
Ijtimoiy tarmoqlarda tikuvchi tikuv mashinasining temiri bilan, kashfiyotchilar esa ko‘proq tanga yig‘ish maqsadida turli ixtirolar bilan Hamster’ni zo‘r berib bosayotgani tasvirlangan videolarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Xo‘sh, nima uchun o‘zbekistonliklar bu o‘yinni “yotvolib” o‘ynayapti? Balki ko‘p va oson usul bilan pul topishga berilib ketgan o‘zbek xalqi oylik-maoshining pastligi, ishsizlik, inflyatsiya, yuqori narxlar, so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi, oziq-ovqat narxining yuqoriligi bunga sabab bo‘layotgandir. Yoki ular shunchaki o‘z vaqtining qadriga yetmaydimi? Har holda bu o‘yindan kim qancha pul topishi, umuman pul topish-topmasligi ham hali aniq emas.
Bundan tashqari bu kabi o‘yinlar oson pul topish dangasalik kasalligini ham keltirib chiqarishiga shubha yo‘q. Bu esa miya faoliyatining tormozlanishiga sabab bo‘ladi. O‘yinchining jamiyatga va oilaga bo‘lgan diqqat-e’tiborini susaytiradi. Siz bu o‘yinni o‘ynab ko‘rdingizmi?
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr