Hamster Kombat “epidemiyasi”: vaqtmi yo pul?

Jamiyat

O‘zbekiston aholisi tobora ko‘proq do‘stlarining ilovaga kirishi va hamster tasvirini bosish so‘rovlariga duch kelishmoqda. Aholi orasida trendga chiqib borayotgan bu veb-o‘yin Hamster Kombat bo‘lib, ishlab chiquvchilar undan pul ishlash mumkinligini ta’kidlamoqda.

O‘yin oddiy mexanizmga asoslangan bo‘lib: o‘yinchilar virtual tangalarni olish uchun hamster tasvirini bosishi kerak bo‘ladi. O‘yinchi qancha ko‘p pul topsa, hamsterga shunchalik hashamatli kiyim sotib olishi mumkin. O‘yin syujetiga ko‘ra, hamster kripto birjasining menejeri bo‘lib, boyib ketishga intiladi.

Hozirda ilovaning Telegram-kanalida 40 million obunachi bor.

Xo‘sh, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan odamlar bu o‘yinga bir kunda o‘rtacha qancha vaqt sarflamoqda? Ushbu o‘yindan foyda olganlar bormi? Bularni aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma orqali bilib olamiz.

Suhbat asnosida Hamster Kombat o‘yini bilan qanchalik tanish ekanligi haqidagi savolga javoban respondentlarning katta qismi bu o‘yindan xabari borligi, o‘zlari ham o‘ynashini aytdi. Qolgan qismi ushbu o‘yin haqida do‘stlarining Telegram’dan havola yuborib, undan ro‘yhatdan o‘tishini so‘rashi orqali xabar topganini aytishdi.

“Ha, bilaman, bu – Hamster Kombat o‘yini. Do‘stlarim Telegram’dan havola jo‘natdi, men shu havola orqali kirib o‘ynashni boshladim”, deydi ishtirokchilardan biri.

Yana bir suhbatdoshimiz esa bu kabi o‘yinlar chiqqan vaqtida qiziqmaganini, biroq do‘stlari pul topayotganini eshitgach o‘ynashni boshlaganini aytdi.

“Dastlab notkoin chiqqan vaqtda qiziqmadim, lekin kursdoshlarim, do‘stlarim yaxshigina pul topishdi, 1000 dollar topib , Iphone olganlar ham bo‘ldi”, deydi u.

Lekin, ishtirokchilar orasida bu o‘yinni bilmaydigan, bilsa ham zararli deb hisoblaydiganlar bor.

“Bu foydali narsa emas, bu mening shaxsiy fikrim! Menimcha, bitkoin, notkoinda mayning qilishadi, ularning noqonuniy mayningi hamda apparatlari bor. Hamster Kombat’ning hozirda 45 millionga yaqin obunachisi mavjud, ular shu orqali bitkoinga o‘xshash yangi kriptovalyutani olib kirishmoqchi”, deydi respondentlardan biri.

Shuningdek, bir kunda bu o‘yinga qancha vaqt sarflashi haqidagi savolga javoban respondentlarning ko‘pi o‘rtacha 1-2 soat vaqti ketishini aytdi.

Ishtirokchilar orasida bu o‘yin vaqt olmasligini, hamster tasvirini bosib turish uchun ilova yuklab olganini aytdi.

“Hech qancha vaqtim ketmaydi, bosib turadigan ilova yuklab olganman”, deydi u.

Respondentlardan biri bir kunda bu o‘yinga o‘rtacha 5-6 soat vaqti ketishini aytdi.

“Har kirganimda yarim soatdan bir kunda o‘rtacha 5-6 soat ketyabdi”, deydi aholi vakillaridan biri.

Ayrimlarning aytishicha, Hamster Kombat o‘yini hali birjaga chiqmagan, shu sababli ular bu o‘yindan hali foyda olishgani yo‘q, biroq shunga o‘xshash kriptovalyutalarni sotish orqali 100 ming so‘mdan boshlab 1000 dollargacha foyda olishgan.

“Hamster Kombat'dan foyda olganim yo‘q, biroq shunga o‘xshash o‘yindan 68 dollar olganman”, deydi ishtirokchilardan biri.

Siz-chi? Siz bu o‘yinga bir kunda o‘rtacha qancha vaqt sarflaysiz? Shu kabi o‘yinlardan foyda olganmisiz?


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston O'yin Hamster Kombat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing