“Teginib bo‘lmas” mavzular, ichki senzura, tanqid qilinmaydigan shaxslar... Jurnalistlarning so‘z erkinligi necha ballga teng?
Tahlil
−
04 may 2023
140663 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni. 1993 yildan buyon dunyoning turli mamlakatlarida nishonlanib kelinadigan ushbu sanada so‘z erkinligi asosiy muhokama mavzusiga aylanadi. Barcha davlatlar, ayniqsa demokratik tuzum hukmron bo‘lgan mamlakatlarda aynan shu so‘z erkinligiyu, jurnalistlar daxlsizligi birinchi o‘rindagi masala sifatida qaraladi. Sababi aynan qalam sohiblari mustaqil ijod qila olgan yurtda rivojlanish bo‘lishi ilg‘or davlatlar misolida o‘z isbotini topib bo‘lgan.
So‘nggi yillarda an’anaga aylanib ulgurgan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti tomonidan tuziladigan reytingdan kimning qaysi o‘rinni egallaganiga qarab, o‘sha davlatda so‘z erkinligining qay darajada ekanini tahlil qilish mumkin. 2017 yildan so‘ng nisbatan erkinlashgan, bir necha cheklovlardan ozod bo‘lgan so‘z erkinligi O‘zbekistonda o‘tgan yilga qaraganda 4 pog‘ona pastlagani dilni xira qiladi. 2022 yilda 133-o‘rinni zabt etgan mamlakat, joriy yilda 137-o‘ringa munosib ko‘rildi.
Albatta, bu havas qilarli natija emas. Ayniqsa, mamlakatda so‘z erkinligi darajasining tushishi uning xalqaro imijiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Xo‘sh, bu holat jurnalist va blogerlar ijodiy faoliyatida ham sezildimi? Ular uchun “teginib bo‘lmas” mavzular bormi? Shu paytgacha ular tomonidan tayyorlangan biror bir jurnalistik material qandaydir tazyiq ostida o‘chirib yuborilganmi? Umuman, ular o‘zlarining so‘z erkinligiga necha baho beradi? QALAMPIR.UZ aynan shu savollar bilan taniqli jurnalist va blogerlarga mikrofon tutdi.
“Qizil chiziqlar yildan-yilga torayib bormoqda”
Ilyos Safarov, jurnalist:
O‘zbekistonda umumiy matbuot erkinligini 10 ballik tizimda uch ballga baholayman. Nimaga bunaqa? Deylik, O‘zbekistonda bugun nisbatan erkin bo‘lgan nechta sayt bor? Xo‘p, ikkitadir yoki uchtadir. Bilasiz, katta-katta saytlar. Ularni hisoblamasak, umumiy ommaviy axborot vositalari: telekanallar, radio, gazeta yoki internet nashrlarini olaylik, ular yoritayotgan masalalarni tahlil qilaylik. Xohlaymizmi, yo‘qmi bugun ular deyarli 90-95 foiz holatda maqtov bilan yoki ahamiyati juda kichik bo‘lgan tanqidlar bilan shug‘ullanyapti. Bu tanqidlar ayollar janjali, o‘g‘rilik, hududlarda transformator yetishmasligi, asfalt masalasi “Open budget”dagi tortishuvlar – maishiy masalalar. Telekanallarda ham ahvol shunday.
Ozmi-ko‘pmi tanqid qila oladigan bir nechta saytdan tashqari umumiy media maydonini tahlil qilganimizda, holat mana shunday. O‘sha ikki-uchta sayt nima bilan shug‘ullanyapti? To‘g‘ri, ular ham harakat qilib, ba’zi dolzarb masalalarni ko‘taryapti. Lekin ular yorita olmaydigan juda ko‘p masalalar, shaxslar va organlar bor. Ular ham ruxsat berilgani darajasida gapiryapti va o‘sha “qizil chiziqlar” yildan-yilga torayib bormoqda. Bundan besh yil oldin ko‘tarish mumkin bo‘lgan masalalarni bugun yoritish mumkin emas. Shuning uchun ham umumiy holatni 3 deb baholagan bo‘lardim. Bu ham birmuncha pozitiv baho.
Kecha e’lon qilingan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti reytingida O‘zbekistonning o‘rni pasaygani ham buni tasdiqladi. Bugun Shahnoza Soatovaning postida “Ozodlik” tomonidan tayyorlanayotgan videolar mahalliy nashrlar tayyorlayotgan dasturlardan ko‘ra ko‘proq o‘qilayotganiga e’tibor qaratganini o‘qib qoldim. Ya’ni bu 2016-2018 yillarda O‘zbekistonning ichida bo‘lgan axborot tashabbusi mamlakatdan tashqariga chiqib ketib bo‘lganini anglatadi. Odamlar yana xorij nashrlariga va ular tarqatgan axborotga ishona boshlayapti. Bu juda xavfli jarayon. Biz buning nimaligini birinchi ma’muriyat davridan bilamiz. Odamlarning xorij propagandasiga ishonib qolishi oqibatini Rossiya-Ukraina urushida, chet el nashri ma’lumotlariga ishonib qolib, haq bilan botilning farqini ajrata olmayotganida ko‘rib turibmiz. Afsuski, bu jarayon yana boshlanmoqda. Vaziyatni shu darajaga olib kelganlar “aylanib ham, o‘rgilib ham o‘zlari pishirgan oshni o‘zlari ichishadi”. Yo‘qotilgan ishonch uchun ham, qo‘ldan chiqarilgan axborot tashabbusi uchun ham javobni o‘zlari berishlari kerak.
Men uchun jurnalistik faoliyatimda hamma qatori “teginib bo‘lmas” mavzular bor va bu yildan-yilga ortib bormoqda. Imkon qadar mana shu “devorlar”ni yorishga, “qizil chiziq”larni bosishga harakat qilamiz.
Tayyorlagan materialimni ko‘p hollarda “yuqori”dan kelgan qo‘ng‘iroqlar bilan o‘chirib yuborganman. Bunday vaziyatlar ko‘p bo‘ladi. Adashmasam, 2019 yil edi, shekilli. O‘shanda Qashqadaryo viloyatidan tayyorlagan bitta materialim juda kuchli bosimlar bilan o‘chirib yuborilgan. Bu maqola jamoatchilikning e’tirozi ortib ketganidan keyin qayta e’lon qilingandi. Afsuski, bu voqea yagona emas.
“To‘polon qilib bo‘lsa ham lavhamni efirga o‘tkazaman”
Yulduz Olimova “Mening yurtim” telekanali jurnalisti:
Men shaxsiy so‘z erkinligimni 7 ballga baholayman. Chunki ko‘p tanqidiy materiallar tayyorlasam ham menga u darajada bosim yo‘q. Lavhalarim esa hech qachon efirdan olinmagan. To‘polon qilib, badiiy kengash bilan janjallashib bo‘lsa ham, rahbarlarning oldiga kirib, o‘zim tayyorlagan lavhani efirga berganman.
O‘zim to‘la-to‘kis tushunmagan mavzularga umuman qo‘l urmayman. Mavzuni o‘rganishni boshlaganimda uni to‘liq o‘rgandimmi, tagiga yetib bordimmi, deya tahlil qilaman. Agar shunga ishonch hosil qilsamgina efirga beraman. Lekin kamchiligi borligi, qaysidir joyi asossiz bo‘lib qolgani yoki mas’ullardan yetarli ma’lumot ololmaganimni sezsam, o‘sha mavzuni yoritmayman.
Oxirgi paytlarda asosan Prezident qaror, farmonlarining ijrolari yuzasidan qonunchilikda keltirilishini tekshirib, ularni amalga oshirish qaysi idoraga topshirilgani, nima sababdan ijrosi to‘xtab qolgani haqidagi tanqidiy-tahliliy materiallar tayyorlamoqdaman. Asosiy yo‘nalishim esa korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat idoralarida ochiqlikni ta’minlash.
“Hozir juda ijobiy kayfiyatda ekanligim bois, 4 ballga baholayman”
Inobat Axatova, “Oyina.uz” jurnalisti:
Hozir juda ijobiy kayfiyatda bo‘lganim uchun so‘z erkinligi darajasini 4 ballga baholayman, “minus” emas, nol emas. Menimcha, so‘z erkinligi 10 balldan 10 ballga baholanadigan davlat bo‘lmasa kerak. Lekin nisbatan baland – 8-9 ball oladigan jamiyatlar ham bor. Nega past baho berganimning sababi, tan olamizmi, yo‘qmi, O‘zbekistonda har tomonlama mustaqil va erkin bo‘lgan ommaviy axborot vositasini ko‘rsatish mushkul. O‘zini mustaqil deb biladigan xususiy ayrim ommaviy axborot vositalarimiz ham borib-borib davlat nazoratiga o‘tib ketyapti yoki qandaydir shaxslar manfaatlarini ifodalovchi materiallar chiqyapti. Shu sabab, bizning so‘z erkinligimiz darajasi oshishi uchun, avvalo, mustaqil OAVlar soni ko‘payishi kerak. Davlat maksimum darajada matbuotning ishiga aralashmasligi lozim. Nizoli vaziyatlar ham sud orqali hal qilinishi zarur.
Shaxsiy jurnalistik faoliyatimda hech kim biror mavzuni yoritishimdan cheklamagan. Biroq mening ham o‘zimga yarasha ichki senzuram bor. Jurnalist sifatida, etika jihatdan to‘g‘ri kelmasligi sabab, diniy mavzularga “teginmayman”. Bundan tashqari, nafaqat men, balki boshqa jurnalistlar uchun ham hozircha vazirlar va yuqori davlat amaldorlari “tegib bo‘lmaydigan” mavzu bo‘lib qolmoqda.
“Erkinlikdan foydalana oladigan jurnalistlar kam...”
Sarvar Bahodirov, “My5” telekanali jurnalisti:
Men so‘z erkinligi darajasini 10 ballik tizimda 6 ballga baholagan bo‘lardim. Buning sabablari bor, albatta. Ayni kunlarga kelib erkinlikdan foydalanayotgan jurnalistlar yetarlicha. Ularning safiga kirish uchun ijodkorlarning o‘zida shijoat bo‘lishi kerak. Mening nazarimda, matbuot erkinligidan foydalana oladigan jurnalistlarning kamligi so‘z erkinligi darajasini shunday baholashimga sabab bo‘ladi.
Kadrlar salohiyatini, ularning malakasini doimiy oshirib borish tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va shijoatli yoshlar sonining ko‘payishi ortidan matbuot erkinligi darajasi ham oshib borsa ajab emas.
Shaxsan men uchun ham “teginib bo‘lmaydigan” mavzular bor. Umuman olganda, bunday mavzularning borligi o‘zimizning salohiyatimiz bilan bog‘liq. O‘z ustimizda ishlashda davom etsak, bunday mavzular ro‘yxati ham qisqarib boradi. Xohlaymizmi, yo‘qmi istalgan davlat OAVlarida tabu mavzular bo‘ladi. Bu vahima qiladigan holat emas.
Men shu vaqtgacha tayyorlagan materialimni qo‘ng‘iroqlar asosida o‘chirib yuborish holatiga duch kelmadim. Lekin yaqinda bir tahliliy reportajni o‘rganish jarayonida kadrlar o‘chib ketdi. Ammo bunda bizga nisbatan hech qanday bosimlar bo‘lmadi. Texnik xatolik sabab shunday holat kuzatildi. Shunga qaramay, rahbariyatning qo‘llovi bilan o‘sha reportajni baribir efirga berdik.
Aytmoqchimanki, tahririyatingizdagi rahbariyat jamoasi sizni qo‘llab-quvvatlasa, “qo‘ng‘iroqlar” sizgacha yetib kelmaydi. Qo‘ng‘iroqlarni “filtrlaydigan” insonlar sizni himoya qiladigan bo‘lsa, muammosiz ishlashda davom etaverasiz. Shuning uchun ham bunda tahririyatlarning roli katta.
“O‘zbekiston so‘nggi 2 yilda ortga qadam tashladi”
Temurmalik Tojiddinzoda, bloger:
Kecha OAV faoliyati bo‘yicha “Chegara bilmas muxbirlar” reytingi e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston 45,73 ball bilan, 180 ta davlat va hudud orasida 137-o‘rinni egallagan. Shuning o‘zi bizda holat ko‘ngildagidek emasligini ko‘rsatib turibdi.
Oldinlari O‘zbekiston hukumati bu kabi reytinglarga alohida e’tibor qaratar va undagi o‘rnimizni yaxshilashga harakat qilar edi. So‘nggi yillarda esa hukumatda xalqaro tashkilotlarning bahosiga nisbatan qandaydir befarqlik alomatlari sezilayotgandek, ularning hisobotlari shunchaki total ignor qilinmoqda. Bu juda xavotirli.
Fikrimcha, O‘zbekiston so‘nggi 2 yilda so‘z erkinligi bo‘yicha ortga qadam tashladi. OAV xodimlari va blogerlarda “samotsenzura” kuchaygan, qo‘shimchasiga, bir nechta ijtimoiy tarmoq faoliga qarshi ish ochildi.
Qachonlardir Komil Allamjonovdan yaxshi taklif yangragan edi, u o‘shanda “O‘zbekistonda odam aytgan gapi uchun qamalmasligi kerak”, degan. Esimda, o‘shanda ko‘pchilik bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan. Mana, biz hozir AQSHda safar bilan yuribmiz, bu yerda odamlar jurnalistning qamalishini tasavvur ham qila olmaydi. Chunki so‘z erkinligi va jurnalist daxlsizligi AQSH siyosati uchun oliy qadriyat hisoblanadi.
Albatta, bu jurnalist umuman jazolanmaydi degani emas, agar jurnalist tomonidan qonun buzilsa va bu sud orqali isbotlansa, u mo‘may miqdordagi jarimani to‘lab berishiga to‘g‘ri keladi. Ammo zinhor va zinhor qamoqqa olinmaydi. Shu amaliyotni O‘zbekistonda ham qo‘llashmoqchi edi, lekin afsuski, bu takliflar qog‘ozda qolib ketdi.
Shaxsiy faoliyatimga kelsak, men uchun milliy va diniy mavzular “teginib bo‘lmas”lar sirasiga kiradi. O‘zbekistonda o‘zbek jamoatchiligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ikkita mavzu bor: millat va din. Men avvallari din mavzusida juda ko‘plab postlar yozardim, qiziqardim va boshqalarni ham qiziqtirishga harakat qilardim. Lekin o‘z tajribamdan bir narsani aniq bilib oldim, din va millat mavzusida yozadigan insonning tepalikka chiqib olib, dor ustida yurgan dorbozlardan farqi yo‘q: agar noto‘g‘ri qadam qo‘yilsa, jarlikka qulab tushishi muqarrar. Shuning uchun agar odamda bilim darajasi yetarli bo‘lmasa, yaxshisi, bu mavzularga aralashmagani ma’qul.
Bilaman, mahalliy jurnalistlarga turli joylardan “qo‘ng‘iroqlar” bo‘lib turadi, lekin shaxsan o‘zim bunday holatlarga duch kelmaganman.
Shuni qo‘shimcha qilishni istardimki, menga qandaydir qo‘ng‘iroq yoki tahdid bo‘ladigan bo‘lsa, men shu zahotiyoq bu haqda hammayoqqa jar solaman. Jim o‘tirib, ularning aytganini qilish niyatim yo‘q. “Qo‘ng‘iroqlarni” qabul qiluvchi boshqa media vakillariga ham shuni tavsiya qilgan bo‘lardim.
“Ijtimoiy bosim to‘sqinlik qiladi”
Aziza Qurbonova, Prezident matbuot xizmati Media markazi jurnalisti:
10 ballik tizim doirasida baholash qiyindir-ov. Chunki, bu juda ko‘p omillarga bog‘liq. Ideal ko‘rsatkich hech qayerda yo‘q. Shu 10 ballik tizimni bizning “avvalgi va hozirgi matbuot” kontekstidan qaraydigan bo‘lsak, men 7 ball beraman. Nimaga? Ushbu savolni berayotganingizning o‘ziyam jurnalistika va blogingda erkin fikr va tahlilga maydon bor degani. Men bu 7 ballimni asosan elektron va ayniqsa, xususiy OAV faoliyatini kuzatgan holda beryapman.
Tan olish kerak, jurnalistlarning faoliyatida o‘zi, tahririyat qo‘yadigan "tabu" mavzular bor, ba’zan jurnalistlarga shu paytgacha e’lon qilingan ayrim maqolalarning "404"ga uchrashi signal bo‘lsa, ba’zan esa ayrim mavzularni ko‘tarishga ijtimoiy bosim to‘sqinlik qiladi.
“To‘laqonli erkinlik bor, deya olmayman”
Umid Gafurov, bloger:
O‘zbekistondagi so‘z erkinligiga 5 ball bergan bo‘lardim. Sababini so‘rasangiz, so‘z erkinligi yo‘q deb bo‘lmaydi, qanaqadir so‘z erkinligi mavjud. Lekin to‘laqonli erkinlik bor, deb ham bo‘lmaydi. Hali ancha o‘sishimiz kerak.
Mening faoliyatimda “tepadan vizov” bilan postlarimni o‘chirib yuborish holatlari bo‘lmagan, hammasi yaxshi, desam aldagan bo‘laman.
Ko‘pincha o‘zimning aybim bilan shunday bo‘lgan: hissiyotga berilib, kimningdir shaxsiyatiga teggan yoki noto‘g‘ri ma’lumot bergan bo‘lishim mumkin. Ammo bunda ham “tepadan” ogohlantirilganim uchun emas, o‘zimning xatoyimni tushunganim, huquqshunos tanishlarim aytgani uchun o‘chirganman. Shuning uchun maslahatim – hissiyotga berilmasdan, qayerda yashayotganimizni, qanday odamlar orasida yashayotganimizni bilib, shunga mos kontent bilan shug‘ullanishimiz kerak.
LiveBarchasi