Tehrondan ochiq tahdid: Yevropa aralashsa, javob qattiq bo‘ladi
Olam
−
03 mart 2937 2 daqiqa
Eron Yevropa davlatlarini mojaroga aralashmaslikka chaqirib, har qanday harbiy qadam “urush harakati” sifatida baholanishini bildirdi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘oyi bayonot bilan chiqdi.
Rasmiy bayonotda Yevropa tomonidan “himoyaviy harakat” deb ataladigan tashabbuslar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajovuz sifatida qabul qilinishi ta’kidlangan. Bag‘oyiga ko‘ra, agar YeI amaldagi amaliyotlarga qo‘shilsa, javob choralari Yevropa hududiga ham kengayishi mumkin. U “himoyaviy” degan izohni rad etib, bu Tehronning javob berish imkoniyatini cheklashga urinish ekanini aytgan.
Ogohlantirish Yevropa davlatlari mintaqadagi xavfsizlik choralarini kuchaytirishga kirishgan pallada yangragan. Kecha, 2 mart kuni Eronda ishlab chiqarilgan hujumchi uchuvchisiz qurilmalar Kiprdagi Britaniya harbiy bazasiga yo‘naltirilgan. Rasmiylar bu dronlar Livan hududidan uchirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Hodisadan so‘ng London baza himoyasini kuchaytirgan.
Shu bilan birga, Gretsiya, Germaniya va Fransiya Kipr mudofaasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Ayrim davlatlar harbiy kemalar va qiruvchi samolyotlarni yuborgan. NATO Bosh kotibi Mark Ryutte alyans urushda ishtirok etmayotganini, biroq zarurat tug‘ilsa har bir a’zo hududini himoya qilishini urg‘ulagan. U Eronni mintaqaviy xavf deb baholagan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa Yevropa oldidagi tahdidlar fonida yadroviy salohiyatni oshirish tashabbusini ilgari surgan. Parij o‘z tiyib turish imkoniyatlarini qit’a bo‘ylab kengaytirish rejasini ham e’lon qilgan. Mojaro Yaqin Sharq chegarasidan chiqib, Yevropa xavfsizlik muhitiga bevosita ta’sir ko‘rsatish bosqichiga kirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Makron mamlakatning yadroviy jangovar kallaklari sonini oshirishni buyurgan edi.
Live
Barchasi