TDYUUning ixtisoslashtirilgan fakulteti ochildi

Jamiyat

image

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Kecha, 5 sentyabr kuni ushbu Ixtisoslashtirilgan filialda yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Filialda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” soha mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash kunduzgi ta’lim shaklida bakalavriatning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha belgilangan namunadagi diplom berilgan holda amalga oshiriladi.

Unda yuridik kadrlarni tayyorlashga yoshi o‘n sakkizdan kichik va yigirma beshdan katta bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari test sinovlari asosida o‘qishga qabul qilinadi. Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida doimiy propiskada bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘qishga hujjat topshirishda umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta-maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega, sog‘lig‘ining holati bo‘yicha xodim yoki harbiy xizmatchining xizmat majburiyatlarini bajarishga qodirligiga e’tibor beriladi. O‘qishga qabul qilishda talabgor bo‘yining balandligi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi, ya’ni erkaklarga – 165 santimetrdan, ayollarga – 160 santimetrdan past bo‘lmasligi talab etiladi.

2019/2020 o‘quv yilida jami 268 nafar talabalar o‘qishga qabul qilindi. Filial diplomining mavjudligi ichki ishlar organlariga O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni o‘tmasdan, «leytenant» maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos bo‘ladi. Filialda o‘qishni tamomlaganlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimida kamida 5 yil ishlab berish majburiyatini oladilar.

Eslatib o‘tamiz, mazkur filialni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

TDYuU filial

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing