TDT yetakchilari Bishkekda yig‘iladi
Olam
−
01 noyabr
4527Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 6 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotining 11-sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasi tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Muratbek Azimbakiyev ma’lum qildi.
Sammitda tashkilotga a’zo besh davlat – Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari, shuningdek, tashkilotning kuzatuvchi-mamlakatlari rahbarlari ishtirok etadi. Bo‘lajak sammitning mavzusi “Turk dunyosini mustahkamlash: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barcha uchun xavfsizlik”.
“Mamlakatlar rahbarlari TDT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi, tashkilotning joriy kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, shuningdek, bir qator ko‘p tomonlama hujjatlarni, jumladan, Sammitning yakuniy deklaratsiyasini imzolaydi”, deydi Azimbakiyev.
Sammit yakunlari bo‘yicha Turkiy davlatlar tashkilotiga 2025 yilgi raislik Qirg‘izistonga o‘tadi.
Qayd etilishicha, Qirg‘izistonning tashkilotga bo‘lajak raisligi davomida a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, mintaqada iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar yaratish va turmush darajasini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiy Davlatlar Tashkilotining 10-yubiley sammiti o‘tgan yili 3 noyabrda Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgandi. Unda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va kuzatuvchi mamlakatlar – Vengriyadan Bosh vazir Viktor Orban, Turkmanistondan Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etgandi. Joriy yil 6 iyulda esa Ozorbayjonning Shusha shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Oliy darajadagi norasmiy uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, shuningdek, Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi rahbari (tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega) Ersin Tatar, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban qatnashdi.
LiveBarchasi