TDT Oqsoqollar kengashining yig‘ilishi Shimoliy Kiprda o‘tkaziladigan bo‘ldi
Olam
−
25 aprel 2025 3466 6 daqiqa
Turkiy Davlatlar Tashkiloti Oqsoqollar kengashining 17-yig‘ilishi joriy yilning 1-2 may kunlari faqat Turkiya tomonidan tan olingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining (SHKTR) poytaxti sifatida yuritiladigan Lefkosha (Nikosiya) shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.
Ayni vaqtda tadbir o‘tkaziladigan sana va joy e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Tadbir Samarqandda Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti o‘tkazilganidan naq bir oy o‘tib o‘tkazilmoqda. Samarqanddagi sammitda qabul qilingan bayonot bilan Markaziy Osiyo davlatlari BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligini tasdiqlagan.
541 va 550 rezolyutsiyalar nima haqida?
Shu o‘rinda bayonotda raqamlar bilan yashirishga urinilgan BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyalariga e’tibor qaratsak.
541 – bu BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan 1983 yil 18 noyabrda qabul qilingan rezolyutsiya bo‘lib, uni 13 davlat yoqlab ovoz bergan, Pokiston qarshi chiqqan, Iordaniya esa betaraf qolgan. Qarorda barcha davlatlar Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va bloklarga qo‘shilmasligini hurmat qilishga hamda Kipr Respublikasi hukumatidan boshqa orol hukumatini tan olmaslikka chaqirilgan. Bu rezolyutsiya 1983 yil 15 noyabrda Shimoliy Kipr Turk Respublikasining mustaqillik e’lon qilishiga javob tariqasida qabul qilingan.
550-rezolyutsiyaga kelsak, u 1984 yil 11 mayda 13 davlat tomonidan ma’qullangan. Pokiston qarshi ovoz bergan, AQSH esa betaraf qolgan. Unda shunday deyilgan:
“Turkiya va Kipr turk rahbariyati o‘rtasida elchilar almashinuvi deb atalmish barcha separatistik harakatlarni qoralaydi, ularni noqonuniy va haqiqiy emas deb e’lon qiladi va ulardan zudlik bilan voz kechishga chaqiradi; barcha davlatlarni separatistik harakatlar oqibatida tuzilgan “Shimoliy Kipr Turk Respublikasi” deb atalmish davlatni tan olmaslikka, hamkorlik qilmaslikka va yuqorida ko‘rsatilgan separatistik tuzilmaga hech qanday yordam ko‘rsatmaslikka yana bir bor chaqiradi; barcha davlatlarni Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, birligi va qo‘shilmaslik siyosatini hurmat qilishga chaqiradi; Varoshaning (Kiprning Famagusta shahridagi kvartal — tahr.) istalgan qismini uning rezidenti bo‘lmagan shaxslar tomonidan joylashtirishga urinishlarini nomaqbul deb hisoblaydi va bu hududni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’muriyatiga topshirishga chaqiradi”.
Bundan ko‘rinadiki, Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo bo‘lgan uch davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi davlat maqomida qolayotgan Turkmaniston o‘zi bilan bir tuzilma, ya’ni Turkiy Davlatlar Tashkilotida bo‘lib turgan SHKTR bilan bir stol atrofida to‘plansa-da, uni rad etadi.
SHKTRda o‘tkazilishi kutilayotgan yig‘ilishda Shimoliy Kipr Turk Respublikasining TDT ichidagi o‘rni va mintaqadagi strategik mavqei yana bir bor muhokama qilinishi kutilmoqda.
Turkiya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi
Kipr orolining Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qolgan.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomini olgan tuzilma Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 300 000 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida Kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham bor. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiya tomonidan mana 42 yildirki, qo‘llab kelinadi va bu Erdo‘g‘an Hukumati davrida yanada jadallashdi. Bunda esa juda ko‘p masalalar O‘zbekistonning chekiga tushgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston 2019 yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘ldi. 2022 yilning 10-11 noyabr kunlari Samarqandda Turkiy Davlatlar Tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 9-sammiti bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan sammitda Ilhom Aliyev, Qosim-Jomart To‘qayev, Sadir Japarov, Rajab Toyib Erdo‘g‘an va kuzatuvchi davlatlar – Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban hamda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.
O‘sha sammitda Erdo‘g‘an dunyo mamlakatlarini hayratda qoldirgan bayonot bilan chiqdi. U o‘z nutqida Turkiyadan tashqari hech bir mamlakat tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi TDTga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilganini aytdi va buning uchun tashkilot davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.
“Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Turk dunyosining ajralmas bir qismi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga ham hissa qo‘shdik. Ushbu birdamlik irodasini namoyon etganingiz uchun siz, aziz birodarlarimning har biringizga alohida minnatdorlik bildiraman”, deydi Erdo‘g‘an.
Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiyaning o‘sha vaqtdagi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Erdo‘g‘anning aytganlariga tayanib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgani haqidagi xabarni Twitter’dagi sahifasi orqali bo‘lishdi. Vazir, Anqaraning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda qat’iyligini ta’kidlagan.
Turkiya rasmiylari tomonidan berilgan ikki bayonotdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov (2022 yil 11 noyabr) Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganini rad etib chiqdi.
“Sammit natijasida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmadi. O‘zbekiston, ayniqsa, davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalalarida xalqaro huquq normalariga qat’iy amal qiladi. Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, degan Norov.
Sammit yakunlari bo‘yicha Turkiy davlatlar tashkiloti saytida e’lon qilingan bayonotda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tashkilotda kuzatuvchi maqomni olgani aytilgan. Bu TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyevning sammitdan bir hafta o‘tib “Anadolu” agentligida e’lon qilingan intervyusida ham o‘z isbotini topdi.
“Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi sifatida tan olinishi turkiy dunyoning yaqinlashuvi yo‘lidagi muhim qadamdir”, degan Omuraliyev.
TDTning 2022 yil 16 noyabr kuni lavozimini rasman egallagan Bosh kotibi yuqoridagi gaplari bilan SHKTRning TDTga kuzatuvchi bo‘lib kirganini tasdiqladi va bungacha SHKTRning TDTga kuzatuvchi sifatida qabul qilinmagani haqida berilgan barcha bayonotlar, jumladan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning chiqishini ham rad etdi. Bosh kotib, Kipr turklari turkiy dunyoning “ajralmas qismi” ekanini urg‘uladi.
“Boshqa a’zo va kuzatuvchi davlatlarimiz singari, mintaqamizda ham, global darajada ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bilan hamkorlikni davom ettiramiz”, degan u.