“Tayyor turing”. Putin rossiyaliklarni ogohlantirdi

Olam

image

Rossiya fuqarolari Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) qilayotgan hujumlari sababli benzin tanqisligi saqlanib qolishiga “tayyor bo‘lishlari” kerak. Bu haqda bugun, 3 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sharqiy iqtisodiy forumda so‘z ochdi.

Rossiya yetakchisi rasmiylar energetika infratuzilmasiga qilingan va neft mahsulotlari ishlab chiqarishning keskin tushib ketishiga hamda zamonaviy tarixdagi eng kuchli yonilg‘i inqiroziga olib kelgan bir qator hujumlarga tayyor bo‘lmaganini tan olgan.

“(Biz) bular sof fuqarolik ob’ektlari va hatto qurolli nizo sharoitida ham ular har qanday hujum nishoni bo‘la olmaydi, degan qarashdan kelib chiqqan edik. Biroq bu borada adashdik, dushmanimiz, ming afsuski, boshqacha fikrda ekan”, deydi Putin.

Moderatorning rossiyaliklar benzin tanqisligiga ko‘nikishlari kerakmi, degan savoliga Putin:

“Biz har qanday narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak. Faqatgina bizning tayyorligimizgina bizga zarar yetkazmoqchi bo‘lganlarning barchasiga buni qilmaslik ma’qulroq ekanini anglatadi”, deb javob bergan Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya NQIZlarga berilgan zarbalarga “ko‘zgudek javob berishga majbur” va bu javob “salmoqli bo‘lgan”, neft kompaniyalari esa o‘z ob’ektlarini mustaqil himoya qilish bo‘yicha faol ishlarni boshlab yuborgan va shikastlangan zavodlarni asta-sekin qayta tiklamoqda. 

“O‘ylaymanki, qolgan 10 foizini yaqin orada qayta tiklaymiz. Maxsus harbiy operatsiya davom etar ekan, yagona javob bor – havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash”, deydi Prezident.

Ma’lumot uchun, yil boshidan beri Ukraina dronlari Rossiya NQIZlariga kamida 70 marta zarba berdi va bu Rossiyada neftni qayta ishlash hajmini so‘nggi ikki o‘n yillikdagi eng past darajaga tushirib yubordi. Avgust oyi oxiriga kelib mamlakatda benzin ishlab chiqarish ichki iste’molning atigi 70 foizini tashkil etdi, tanqislik kuniga qariyb 30 ming tonnaga yetdi, kamida 17 ta hudud esa yonilg‘i sotishga cheklovlar joriy etdi – bakka 30-40 litrdan ortiq quyishni taqiqlashdan tortib, AYOQSHlarda avtomobillar raqamlari bo‘yicha “juft-toq” tizimigacha.

Avgust oyida dronlar zarbalari sababli kamida 7 ta Rossiya NQIZi ishlab chiqarishni to‘liq yoki qisman to‘xtatdi. Kecha, 2 sentyabr kuni esa Leningrad viloyatidagi mamlakatdagi ikkinchi eng yirik zavod – “Kinef” qayta ishlashni to‘liq to‘xtatdi. Yonilg‘i tanqisligini qoplash uchun Rossiya rasmiylari tarixda ilk bor dengiz orqali – Hindiston, Marokash va Turkiyadan import benzin olib kirishni boshladi, shuningdek, Belarusdan xaridlarni rekord darajaga yetkazdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Rossiya havo hududidan foydalanayotgan xalqaro aviakompaniyalarni ogohlantirgan edi. U Rossiya osmoni tobora xavfli bo‘lib borayotganini va “Rossiya osmonidagi xavfsiz kunlar tugaganini” aytgan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina Rossiyaning harbiy ob’ektlari hamda urushni qo‘llab-quvvatlayotgan iqtisodiy infratuzilmaga qarshi dron va raketa zarbalarini davom ettiradi. Vladimir Putin esa Zelenskiyning Rossiya osmoni tobora xavfli bo‘lib borayotgani haqidagi bayonotini “davlat terrorizmiga teng” deb atadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing