Tayvanga kuchli to‘fon yopirilishi oqibatida minglab odamlar elektrsiz qoldi
Olam
−
04 Sentabr 2023
4326Tayvanda sodir bo‘lgan “Xaykui” to‘foni oqibatida kamida 44 kishi jabrlandi, o‘n minglab uylar elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Tayvan markaziy meteorologiya byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘fon mahalliy vaqt bilan soat 15:40 atrofida qirg‘oq bo‘yidagi Dunxe shahriga yetib kelgan. 11 shahar va tumanda kamida 7113 kishi evakuatsiya qilingan, 48506 ta uy elektr ta’minotisiz qolgan.
Shuningdek, zilzila markazida shamol tezligi soatiga 155 km ga yetgan.
“Xaykui” to‘rt yil ichida Tayvanga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba bergan birinchi to‘fondir.
Meteorologiya idorasining ma’lum qilishicha, to‘fon sabab kuchli yomg‘ir toshqinlari va ko‘chkilar kelib chiqishi mumkin. Tog‘li Xualyan okrugida jami yog‘ingarchilik miqdori 500 millimetrdan oshgan.
To‘fon avvalroq yakshanba kuni soat 17:00 atrofida Taydun shahri yaqinidagi qirg‘oqqa tushishi kutilgandi.
Mahalliy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni Tayvanning janubiy va sharqiy qismidagi yetti okrug va shahar maktablar va korxonalar faoliyatini to‘xtatgan.
Bundan tashqari, Yunlin va chekka Penxu okruglari, Taynan va Gaosyun shaharlari va orolning besh okrugi dushanba kuni maktablar va idoralar yopilishini e’lon qilgan.
Yakshanba kuni Tayvanga va undan 246 ta reys bekor qilingan yoki kechiktirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda “Saola” to‘foni mamlakat janubi-sharqiy sohillariga yaqinlashayotgani munosabati bilan eng yuqori darajadagi ob-havo xavfi e’lon qilingan edi.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi