“Isyonkor mazmun”dagi kitoblar sabab 5 nafar kitob sotuvchisi qo‘lga olindi

Olam

image

Gonkong milliy xavfsizlik politsiyasi “isyonkor niyatdagi harakatlarni sodir etish”da gumon qilinib, besh nafar kitob sotuvchini hibsga oldi. Bu haqda Gonkong hukumati xabar qildi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, bojxona xizmati chet eldan Gonkongga yuborilgan yuk orasida “isyonkor mazmun”ga ega bolalarga mo‘ljallangan kitoblar aniqlangani haqida xabar bergan. Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Koulun tumanidagi Mongkok hududida joylashgan ikki kitob do‘konida tintuv o‘tkazib, yoshi 37 va 57 da bo‘lgan ikki erkak hamda 30–59 yosh oralig‘idagi uch nafar ayolni qo‘lga olgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslar “isyonkor mazmun”ga ega nashrlarni namoyish etgan va sotganlikda gumon qilinmoqda. Politsiya do‘konlardan bir qancha kitoblarni musodara qilgan. Huquq-tartibot idoralari ushbu nashrlar Gonkong hukumati, sud hokimiyati va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan nafrat uyg‘otishga undaganini bildirgan.

2020 yilda Pekin Gonkongda milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi keng qamrovli qonunni joriy etganidan keyin shahardagi mustaqil kitob do‘konlari soni keskin kamaygan. Ilgari ular asosiy do‘konlarda uchramaydigan siyosiy va ijtimoiy mavzularga oid kitoblarni sotish, shuningdek, kitob taqdimotlari va muhokamalarini o‘tkazish orqali fuqarolik jamiyati uchun muhim maydonlardan biri hisoblangan.

“South China Morning Post” gazetasi hibsga olinganlar “Have a Nice Stay” va “Greenfield Bookstore” kitob do‘konlari bilan bog‘liq ekanini yozgan. “Have a Nice Stay” do‘koni esa 30 avgust kuni yopilishini, bunga moliyaviy yo‘qotishlar hamda qaysi kitoblar muammoli deb baholanishi mumkinligiga oid “noaniq qizil chiziq” sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

Tayvan Prezidenti Lay Sinde Facebook sahifasida har bir mustaqil kitob do‘koni erkin fikrni himoya qilish uchun muhim makon ekanini ta’kidlagan.

“Biz og‘ir sharoitlarda ham o‘z o‘rnini saqlab qolayotgan barcha kitob do‘konlari va madaniyat xodimlariga hurmat va qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz. Siyosiy bosim tufayli fikr va yozuv qamalmasligi kerak”, degan u.

Human Rights Watch tashkilotining Xitoy bo‘yicha tadqiqotchisi Yalqun Uluyo‘l esa demokratik davlatlarni Gonkong hokimiyatini ushbu kitob sotuvchilarni ozod qilishga chaqirishga undagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Tayvan AQSH yordamida mustaqillikka erisha olmasligini aytgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing