Tayvanda yangi rahbar saylandi
Olam
−
13 yanvar
9999Bugun, 13 yanvar kuni Tayvanda saylov bo‘lib o‘tdi va unda hukmron Demokratik progressiv partiyasi vakili Lay Sinde g‘alaba qozondi. Bu haqda uning o‘zi tarafdorlari oldidagi chiqishida ma’lum qildi.
Muxolifatdagi partiyalar – materik Xitoy bilan muloqot tarafdori bo‘lgan Gomindan va markazchi Tayvan Xalq partiyasi nomzodlari ham o‘z mag‘lubiyatini e’lon qilib, Lay Sinde g‘alabasini tan olgan. Saylangan rahbar uni tabriklagan muxolifatga minnatdorlik bildirdi.
"Men saylovdagi raqiblarimning dasturlari va pozitsiyalarini diqqat bilan o‘rganaman. Agar ular xalq va milliy taraqqiyotga foyda keltirsa, ular mening siyosiy dasturimga kiritiladi", degan Lay Sinde.
U Xitoyning tahdid va qo‘rqitishlariga qarshi turishga hamda Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik, barqarorlik va status-kvoni saqlashga va’da berdi.
“Biz Tayvanni Xitoyning davom etayotgan tahdidlari va qo‘rqitishlaridan himoya qilishga qat’iy qaror qildik. Prezident sifatida men Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun muhim mas’uliyatni his qilaman. Men demokratik va erkin konstitutsiyaviy tuzumimizga muvofiq harakat qilaman. Bo‘g‘ozning har ikki tomonida qadr-qimmat va tenglik tamoyillariga muvofiq status-kvoni saqlab qolaman", deydi u.
Shuningdek, Lay Sinde qarama-qarshilik o‘rniga dialogdan foydalanish hamda Pekin bilan almashinuv va hamkorlikni ishonchli rivojlantirish niyatida ekanini ta’kidladi.
"Ikki tomon o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va tenglikni hisobga olgan holda, Tayvan Xitoy bilan muloqot qilishga tayyor. Biz tinch va farovon muhit yaratish maqsadida Tayvan bo‘g‘ozining ikkala tomonidagi odamlar manfaati uchun almashinuv va hamkorlikni amalga oshirmoqchimiz", deydi u.
Lay Sinde Xitoy hukumatini Tayvan bo‘g‘ozidagi yangi vaziyatni tan olishga chaqirdi.
“Kelajakda Xitoy yangi vaziyatni tan oladi va faqat tinchlik bo‘g‘ozning har ikki tomoniga ham foyda keltirishini tushunadi, deb umid qilamiz”, deydi u.
Bundan tashqari, Lay Sinde global tinchlik va barqarorlik Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik va barqarorlikka bog‘liq ekanini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, Tayvan 1949 yildan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi, o‘shanda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin u yerga qochib ketgan. Pekin esa Tayvanni Xitoy Xalq Respublikasi provinsiyalaridan biri deb hisoblaydi.
LiveBarchasi