Tayvan rahbari saylov kuni internetga joylagan surati uchun jazolanishi mumkin
Olam
−
13 yanvar
7085Tayvan ma’muriyatining amaldagi rahbari Say Inven o‘zining Line ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkauntida joylashtirgan posti ortidan noqonuniy saylovoldi tashviqotida ayblandi. Bu haqda Tayvanning TVBS telekanali xabar berdi.
Aytilishicha, ertalab u Sinbey shahridagi boshlang‘ich maktabda ovoz bergan va saylov qutisi yoniga byulleten bilan tushgan suratini joylagan.
"Men hozirgina ovoz berdim, umid qilamanki, hamma chiqib, tezda ovoz beradi", deb yozadi u.
Biroq postda Say Invenning o‘rinbosari va Demokratik progressiv partiya a’zosi Lay Sindening saylovoldi shiori bilan surati ham bor edi. Internet foydalanuvchilari saylov kuni saylovoldi tashviqotni to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov qonunchiligining buzilishi deb hisobladi.
Telekanal xabariga ko‘ra, ba’zi izohlarda “Saylov komissiyasi sizni jarimaga tortadimi yoki yo‘qmi?”, “Unga mumkin, senga esa yo‘q” va “Ko‘ramiz, saylov komissiyasi jazolashga jur’at etadimi” deb yozilgan. Obunachilarning shiddatli reaksiyasidan so‘ng fotosurat o‘chirilgan.
Kecha, 12 yanvar kuni Tayvan Markaziy saylov komissiyasi saylov kuni ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Line va Facebook'dagi tashviqot postlari katta miqdorda jarimaga tortilishi mumkinligini e’lon qildi. Jismoniy shaxslar uchun uning hajmi 1 million yangi Tayvan dollari (taxminan 32 ming dollar), siyosiy partiyalar va saylov kampaniyasi tashkilotchilari uchun esa 2 million yangi Tayvan dollariga (64 ming dollargacha) yetishi mumkin.
Qayd etish joizki, saylovlarga 10 kun qolganida Tayvanda sukunat rejimi joriy etilgan – bu vaqtda ijtimoiy so‘rovnomalarni chop etish taqiqlanadi. Ovoz berish kuni exit-poll o‘tkazishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Tayvanda saylovlar
Bugun, 13 yanvar kuni Tayvanda orol ma’muriyati rahbari va Qonun chiqaruvchi Yuanga (yuqori qonun chiqaruvchi organ) deputatlarni saylash uchun ovoz berish bo‘lib o‘tmoqda.
Rahbarlik lavozimi uchun uch nomzod kurashmoqda: hukmron Demokratik progressiv partiyadan 64 yoshli Lay Sinde, muxolifatdagi Gomindan partiyasidan 66 yoshli Xou Yui va markazchi Tayvan xalq partiyasidan 64 yoshli Ke Venchje. So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, Lay Sinde saylov poygasida favorit deb topilgan.
Ma’lumot uchun, Tayvan 1949 yildan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi, o‘shanda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin u yerga qochib ketgan. Pekin esa Tayvanni Xitoy Xalq Respublikasi provinsiyalaridan biri deb hisoblaydi.
LiveBarchasi