Tayvan, Xitoy va Yaponiyaga tayfun yopirildi. Yuz minglab aholi evakuatsiya qilindi

Olam

image

“Bavi” tayfuni Tayvan, Xitoy va Yaponiyaning ayrim hududlarida kuchli shamol va jala yog‘ingarchiliklarni keltirib chiqardi. Tabiiy ofat oqibatida yuz minglab odamlar evakuatsiya qilindi, minglab xonadon elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, tayfun bugun, 11 iyul kuni Tayvanning shimoliy qismi hamda Yaponiyaning janubi-g‘arbidagi Okinava orollariga yaqinlashgan. Tayvanda kuchli shamol va jala sabab 90 mingdan ortiq aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan, 170 mingdan ortiq xonadon elektr ta’minotisiz qolgan, shuningdek, yuzlab aviareys bekor qilingan.

Xitoyning sharqidagi Chjetszyan viloyatida joylashgan, qariyb 10 million aholi istiqomat qiladigan Venchjou shahri yaqiniga “Bavi” tayfuni 12 iyul kuni ertalab yetib borishi kutilgan. Shu sababli mahalliy hukumat xavfsizlik choralarini kuchaytirib, 10 iyul kuni kechgacha 887 801 nafar aholini oldindan xavfsiz hududlarga ko‘chirgan. Shu bilan birga, kuchli yog‘ingarchilik xavfi sabab Pekin yaqinidagi ayrim hududlarda 100 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan.

“Hech qanday kuch va mablag‘ni ayamasdan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli safarbarlik eng yomon ehtimoliy ssenariydan himoyalanishga qaratilgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Yaponiyaning Okinava prefekturasida tayfun oqibatida 18 mingdan ortiq xonadon va ob’ekt elektr energiyasidan uzilgan. Aviakompaniyalar o‘nlab reyslarni bekor qilgan, buning natijasida 26 mingdan ortiq yo‘lovchi parvozlarini amalga oshira olmagan.

Filippinda esa tayfun keltirib chiqargan kuchli yomg‘irlar va ko‘chkilar oqibatida 18 kishi halok bo‘lgan. Mamlakat bo‘ylab qariyb 11 ming aholi evakuatsiya qilingan, o‘nlab portlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan va 313 ta kema xavfsiz hududlarga olib chiqilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tayfun markazidagi shamol tezligi soatiga 137 kilometr, shamolning ayrim lahzalardagi tezligi esa 173 kilometr/soatga yetgan. Sinoptiklar orolning shimoliy qismida kuchli yog‘ingarchilik va qirg‘oq hududlarida 10 metrgacha baland to‘lqinlar kuzatilishi haqida ogohlantirgan.

Mutaxassislar so‘nggi yillarda okean suvlari haroratining rekord darajada isishi tropik bo‘ronlarning kuchayishiga sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Yevropa Ittifoqining “Copernicus” iqlim xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, okeanlarda kuzatilayotgan yuqori harorat hamda El-Nino hodisasi bu kabi kuchli tayfunlarning shakllanishiga qo‘shimcha omil bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Filippinning janubiy qismida yuz bergan ko‘chkilar oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing