Tayvan qirg‘oqlarida ketma-ket uchta kuchli zilzila sodir bo‘ldi (video)
Olam
−
03 aprel
13808Tayvanning sharqiy qirg‘oqlarida kuchli zilzila sodir bo‘ldi, keyin yana kuchli silkinishlar kuzatildi. Bu haqda Yaponiya bosh meteorologiya agentligi ma’lum qildi.
Yaponiya vaqti bilan 08:58 da 7,7 magnitudali zilzila Tayvanning sharqiy qirg‘oqlari yaqinida qayd etilgan. Zilzila o‘chog‘i suv ostida "juda sayoz" chuqurlikda bo‘lgan.
15 daqiqadan kamroq vaqt o‘tgach – Yaponiya vaqti bilan 9:11 da 6,6 magnitudali yangi silkinishlar kuzatilgan. Zilzila o‘chog‘ining chuqurligi yana "juda sayoz" ekani aniqlandi.
Yaponiya vaqti bilan 09:35 da xuddi shu mintaqada 6,3 magnitudali uchinchi zilzila qayd etildi. Zilzila epitsentri suv ostida 20 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Tayvan o‘t o‘chirish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, orolda magnitudasi 4 balldan ortiq bo‘lgan kamida 11 ta silkinish qayd etilgan.
Tayvan meteorologiya boshqarmasi seysmik o‘lchovlar va prognozlar markazi direktori U Szyanfuning aytishicha, bular oxirgi chorak asrda orolda kuzatilgan eng kuchli silkinishlardir.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan, 97 kishi yaralangan. Xualyan shahrida ikkita bino, Sinbey shahrida esa plastmassa zavodi binosi qulab tushdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan kadrlarda vayron bo‘lgan uylarni ko‘rish mumkin, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan birining ostida sakkiz kishi qolib ketgan.
87 mingdan ortiq xonadonda elektr ta’minoti yo‘q, internet tarmog‘ida uzilishlar qayd etilgan.
Yer silkinishlari Yaponiya janubidagi Okinava prefekturasida ham sezilgan. Zilziladan keyin Okinava, Miyako orollari va Yaeyama orollari guruhi uchun sunami xavfi e’lon qilindi. Yaponiyalik mutaxassislar to‘lqin balandligi uch metrga yetishi mumkinligini istisno qilishmadi.
NHK telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, balandligi 30 santimetr bo‘lgan to‘lqin Yaponiya vaqti bilan 9:18 da Yonaguni oroliga yetib kelgan. 9:32 da xuddi shu nomdagi oroldagi Isigaki portiga kichik to‘lqin yetib keldi. 10:03 da Miyako orolida kichik to‘lqin qayd etildi.
Keyinchalik sunami haqida ogohlantirish bekor qilindi.
LiveBarchasi