Taysonni yutgan Xolifild Toshkentda. QALAMPIR.UZ boks qirollariga mikrofon tutdi

Sport

Ayni kunlarda butun dunyo boks ixlosmandlarining e’tibori Toshkentga qaratilgan. Butunjahon boks ittifoqining (WBC) yillik 61-Konvensiyasiga O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda. Jahon boksi yuduzlari ham ayni vaqtda Toshkentda bo‘lib turibdi. WBC-yil davomida qilgan ishlarini ko‘z-ko‘z qilayotgan bir vaqtda QALAMPIR.UZ ijodkorlari amerikalik boks afsonasi, barcha yaxshi tanigan Mayk Taysonni ikki marta mag‘lubiyatga uchratgan, “temir” Mayk bilan jangda qulog‘idan ayrilishiga sal qolgan yulduz Evander Xolifild bilan suhbatlashdi.

QALAMPIR.UZ Xolifildning O‘zbekiston bilan bog‘liq taassurotlari va o‘zbek boksi haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

“Har qanday sohada bo‘lgani kabi sportda ham mahorat va malaka juda muhim. Katta darajaga chiqish qiyin bo‘ladi, lekin men buni qila olishimga ishondim va uddaladim, garchi mag‘lubiyat alamini totish va sharmanda bo‘lish ehtimoli bo‘lsa ham. Bilasizmi, bu jarayonda asabiylikni har lahza his qilib yashaysiz. Har doim g‘alaba qozonishga intilasiz va mag‘lubiyat doim uyatli holatdek tuyuladi. Men ana shunday jarayonlarni boshimdan o‘tkazdim. Bu uchun mendan  tajriba, g‘alaba va mag‘lubiyatlardan so‘ng oyoqqa turish talab qilindi”, deydi Xolifild.

WBA, WBO va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempioni ukrainalik Aleksandr Usik ham Toshkentga kelganini oldin ma’lum qilgan edik. U 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan WBC Konvensiyasi ochilish marosimida ham ishtirok etgandi. Bugun ham ukrainalik charm qo‘lqop ustasi tashkilot tadbirida ko‘rinish berdi. O‘z fikrlarini bildirib bo‘lgach, Usik to xonasiga borguniga qadar muxbirlar qurshovida bo‘ldi. Uning oldiga yaqin borishning deyarli imkoni bo‘lmadi, ammo QALAMPIR.UZ o‘z auditoriyasini “The Ring” jurnaliga ko‘ra, vazn toifasidan qat’i nazar dunyoning eng yaxshi bokschisi hisoblangan Usikning O‘zbekiston va Bahodir Jalolov haqidagi fikrlaridan boxabar qilmasa bo‘lmas edi.

“U yaxshi yigit, shu bilan birga u Olimpiada chempioni. O‘ylaymanki, Bahodir Jalolovni yorqin kelajak kutmoqda”, deydi Usik.

Endi hamma 16 noyabr kuni Xolifildning azaliy raqibi Mayk Taysonning Toshkentga kelishini va 17 noyabr kuni o‘zbekistonlik bokschilar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan jang oqshomini intiqlik bilan kutmoqda. Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ sahifalarida kuzatib borishni tavsiya qilamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Tayson Xolifild boks qirollari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing