Yalang‘och rasmlar, pichoqlangan ayollar, qamalgan “Tayson” - Hafta tahlili

Tahlil

19 yoshli qiz yalang‘och rasmlari tarqatilishi bilan qo‘rqitildi. Undan katta pul talab qilingan. Toshkentda o‘zbekistonlik erkak Koreya fuqarosiga nos chektirmoqchi bo‘ldi. Andijonda o‘qituvchi ayol maktabda pichoqlab o‘ldirildi. Samarqandda xodim boshlig‘ini o‘ldirish uchun “killer” yolladi. Turkiyadagi vahshiylik: boshi uzib tashlangan o‘zbekistonlik ayolning jasadi vataniga olib kelindi. Ichki ishlarda tozalash. Ko‘pchilikka chiqish eshigi ko‘rsatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida noma’lum shaxs chet el fuqarosiga nosvoy chekishni taklif qilayotgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 25 yanvar kuni Chilonzor tumanida joylashgan istirohat bog‘larining birida 2006 yilda tug‘ilgan M.K. chet el fuqarosiga nosvoy chekishni taklif qilgan va uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.

Bu o‘zidan macho-muchacho “yasab olgan” shaxsning es-hushi joyida, hech qanday ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro‘yxatda turmaydi. Biroz g‘alati tuyulsa-da, xalq orasida biror inson ulg‘ayganini anglatishda ko‘p ishlatiladigan izoh bilan aytganda “ho‘kizday” kap-katta bu yigit 20 yoshda. U Koreya fuqarosiga nos chektirishga urinib, uni haqorat qilib, bosim qilgani aks etgan videoni o‘zi oldirgan va huddiki qoyilmaqom ishni uddalagandek, maqtanib ijtimoiy tarmoqqa joylagan. 

Kelajak egalari deya ta’riflanuvchi yoshlarning aksariyati mana shunday qiliqlardan zavqlanishi, qilmishlarini favqulodda zo‘r narsa deb bilishi alohida xavotirli masala. Chet elda o‘zbek migrantlariga nisbatan qilinayotgan hurmatsizlik, bosim, kaltaklashlar haqida juda ko‘pchilik kuyunib, asabiylashib gapirayotgan bir paytda o‘zimizda ham mana shunday ishni poytaxt markazlaridan birida qilinishini izohlashga so‘z topish qiyin.

Videoda koreyalik mehmon yolg‘iz emasligini, o‘zini videoga olishayotganini bilib, qo‘li bilan yuzini to‘sishga bir necha maroataba uringanini ko‘rish mumkin. Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIB tomonidan mayda bezorilik bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.

Bu yigit qo‘lga olingach esa yig‘lagudek bo‘lib, O‘zbekiston va Koreya fuqarolaridan kechirim so‘radi. Uzr bilan ish bitmasligi aniq. Axir o‘ylab ko‘ring. Koreya fuqarolari vataniga O‘zbekiston haqida qanday xulosa bilan ketadi? Ular yana keladimi? Toshkentga sayohat qilmoqchi bo‘lgan tanishlariga bu yerdagi xavfsizlik, odamlar munosabati haqida nimalar derkin?

Shusiz ham Koreyada o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq vaziyat uncha yaxshi emas. Hatto, viza berilishi to‘xtatilishi mumkinligi haqida O‘zbekistonning Koreyadagi elchisi aytgandi. Alisher Abdusalomov 17 yanvar kuni tadbirkorlarning hukumat a’zolari va elchilar bilan uchrashuvida bu mavzuda so‘z ochdi.

“Borgan ishchilarimizning yuborilgan joydan boshqa yerga nolegal bo‘lib o‘tib ketish holatlari juda ham ko‘p. Hozirgi holatda 9 foiz fuqarolarimiz nolegal. Agar bu 10 foizga chiqsa, Koreya Adliya vazirligi tomonidan viza berish umuman to‘xtatiladi. Muammo migratsiya bilan birga, ta’lim sohasiga ham tegishli. Til kurslari yoki universitetlarga borayotgan yoshlarimiz ishlash uchun o‘qishidan ketyapti va nolegal statusga chiqib qolyapti. Bu narsa O‘zbekistonning imidjiga ta’sir qiladi”, deydi Alisher Abdusalomov. 

O‘zbekistonning imidji haqida gap ketganida Turkiya bilan bog‘liq ikki xil, bir-biridan umuman farq qiladigan vaziyatlarga ham to‘xtalamiz. Biri juda ijobiy, hatto turklar tomonidan olqishlangan birodarlik ramzi bo‘lsa, ikkinchisi dilni xira qiluvchi jinoyat.

Dastlab ijobiysi va rasmiysidan boshlaymiz. 29 yanvar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga rasmiy tashrif bilan Turkiyaga bordi. “Esenbog‘a” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va rafiqasi kutib oldi.

Ikki davlat rahbarlari 2023 yilda kuchli zilziladan jiddiy talofat ko‘rgan Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan “O‘zbekiston” turar- joy majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdi. 

24 ta ko‘p qavatli uydan iborat barcha zarur infratuzilmaga ega bu zamonaviy turarjoy majmuasida 300 dan ziyod to‘liq jihozlangan xonadon bor. Turkiya Prezidenti ushbu majmua nafaqat jabrlangan oilalar uchun yangi uy, balki o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi abadiy do‘stlikning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi. 

Qolaversa, O‘zbekiston ushbu fojiali davrning dastlabki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam ko‘rsatagani, qisqa fursatda 100 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi falokat sodir bo‘lgan hududga yetib borgani alohida eslandi. Ma’lumot o‘rnida, o‘zbekistonliklar qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 kishining hayotini saqlab qolgan, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarilgan. Dala shifoxonasi 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Yana bir bunyodkorlik ishini ham ikki mamlakat yetakchisi birgalikda boshlab berdi. Bu Istanbulning Bakirko‘y tumanida qurilishi start olgan o‘zbek maktabi. E’tiborli jihati bu bilim dargohi O‘zbekistonning xorijdagi birinchi maktabi bo‘ladi.

Hafta tahlilida Turkiya va O‘zbekiston bilan bog‘liq sahifani mana shunday yaxshi nuqtada jon deb tugatardik. Biroq, juda ko‘pchilikni larzaga keltirgan qotillik ham shu 7 kunlikda muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

Durdona Hakimovaning daxshatli o‘limi haqidagi xabardan hayratga tushganlar orasida siz ham bo‘lsangiz kerak. Biroq jurnalistik nuqatai nazardan voqeani qisman eslatishimiz kerak. Joriy yil 24 yanvar kuni Istanbulning Shishli tumani Duatepe mahallasidagi chiqindi idishidan boshi va oyoqlari uzilgan jasad topildi. Uni chiqindi yig‘ish hamda qog‘oz terish bilan shug‘ullanuvchi mahalliy fuqaro ko‘rib qolgan va politsiyaga xabar bergan.

Jamoat xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida barmoq izi orqali ayolning shaxsi aniqlanib, u O‘zbekiston fuqarosi 37 yoshli Durdona Hakimova ekani ma’lum bo‘lgan.

Bo‘zkurt ko‘chasidagi axlatxonalardan biridagi kuzatuv kameralari tekshirilganda, gumonlanuvchilar jasadni chamadon ichida olib kelib tashlagani aks etgan videoyozuv topilgan. Ha, ular katta shahar ichida xuddi  kinolardagidek chamadon ichida murdani olib yurgan. Uzib olingan bosh va oyoqlarni esa boshqa chiqindixonaga tashlashgan.

Videotasvirlardan olingan ma’lumot orqali Istanbul politsiyasi gumonlanuvchilarni o‘sha kunning o‘zidayoq qo‘lga oldi. Ular Istanbul aeroportida Gruziyaga qochmoqchi bo‘lgan paytda ushlandi.  Qotillikni marhuma bilan yaqin munosabatda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi, qurilish ishchisi sodir etgan. Unga yana bir o‘zbekistonlik yordam bergan. Ha o‘zimiznikilar!

“Durdona Hakimova bilan voqea kuni tanishganmiz, oramizda munosabat boshlangan. Janjallashib qoldik va men uni pichoq bilan o‘ldirdim. Keyin do‘stim bilan birga jasadni bo‘laklarga ajratdik. Jasad qismlarini alohida paketlab, chamadon ichiga joyladik. So‘ng tijorat taksisi bilan Shishli tumaniga keldik va jasad hamda uning qismlarini turli axlat konteynerlariga tashlab yubordik”, deydi ayblanuvchi.

O‘zbekistonlik muhojir ayolning vahshiylarcha o‘ldirilishi ortidan Turkiya ko‘chalarida ayollar norozilik namoyishiga chiqdi.

“Kecha Istanbulning qoq markazi – Shishlida ayol do‘stimizning jonsiz tanasi chiqindi konteyneridan topildi. Uning tanasi bo‘laklarga bo‘lingan edi.
Durdonaning o‘limiga hokimiyat mas’ul. Agar ayollarning, hatto Istanbul markazida ham yashash huquqi tortib olinayotgan bo‘lsa, bu shu hokimiyatning natijasidir. Jinoyatchi ko‘rsatmasida Durdona bilan voqea sodir bo‘lgan kun tanishgani, munosabatlari bo‘lganini, janjallashib qolib, keyin o‘ldirganini aytmoqda. Buni aytish qanchalik oson, shunday emasmi? Ammo bir ayol o‘ldirildi. Bu ko‘rsatma boshidan oxirigacha jazoni yengillashtirishga qaratilgan. Durdona muhojir edi. Balki ishlash uchun kelgandir, orzulari bor edi, yangi hayot qurmoqchi edi. Bu orzular uning qo‘lidan tortib olindi. 2025 yilda 294 ayol o‘ldirildi. Ularning barchasi bugun oramizda bo‘lishi mumkin edi”, deya mahalliy ayollar aksiya davomida bayonot bergan.

30 yanvarda Marhuma Durdona Hakimovaning jasadi va uning ikki nafar farzandi O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi ko‘magida mamlakatga qaytarildi. Ma’lum qilinishicha, marhuma va farzandlarining O‘zbekistonga qaytishi bilan bog‘liq xarajatlari Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi hisobidan qoplab berilgan.

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik har qachon va har qaysi manzilda muhim mavzu bo‘lgan. Yakunlanayotgan haftada ham 2 nafar nozik hilqat vakillari shantajga uchragani xabar qilindi. Ikkalasi ham yalang‘och rasmlari tarqatib yuborilishi bilan qo‘rqitilgan. 

Birinchi holatni “qiziq” deb ta’riflash g‘alati ko‘rinishi mumkinku, lekin jinoyat tafsiloti rostdan ajoyib. Buxoroda bir ayol Telegram’da erkak kishi nomidan soxta profil ochib, o‘zining dugonasi bilan yozishib yurib, go‘yo oshiq rolini o‘ynagan. Ular o‘rtasidagi dialoglar shu darajaga yetganki, firibgar ayolning intim suratlarini qo‘lga kiritgan va ularni tarqatmaslik uchun 6 ming AQSH dollari talab qilgan. G‘aroyib-a? Ushbu holat ortidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan maxsus tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir jarayonida gumonlanuvchi talab qilgan puldan 2 million so‘m u so‘ragan plastik kartaga o‘tkazib berilgan. Aynan shu vaqtda ayol ashyoviy dalillar bilan voqea joyida qo‘lga olingan.

Ikkinchi xolat esa Sirdaryo viloyatida sodir bo‘ldi. Unda yigit 19 yoshli qizning yalang‘och rasmlarini tarqatmaslik uchun 48 mln so‘m so‘radi. Ishtahani karnayligini ko‘ryapsizmi? Bu shantajchi talab qilgan pulni eng oliy kasb deya ta’riflanuvchi o‘qituvchilar ishlab topishi uchun o‘rtacha hisoblaganda, 1 yil kerak bo‘ladi. 1 yil!

Mavzuga qaytamiz. Yangiyer shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sirdaryo viloyati Xovos tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro, 2006 yilda Namangan viloyati Norin tumanida tug‘ilgan fuqaroga tegishli shaxsiy suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan tahdid qilgan. 

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi talab qilingan 48 mln so‘m puldan 10 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov jarayonlari ketmoqda.

“Bular ham yalang‘och rasmingni tasha desa, yuboraveradimi?” degan fikrni izoh bo‘limiga yozganlar juda ko‘p. Umuman bu haftada ayollar bilan bog‘liq jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgan holatlar bir nechta bo‘ldi. Ulardan biri – Andijondagi maktabda o‘qituvchi ayol o‘z eri tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani.

Voqea 27 yanvar kuni soat 15:30 larda Asaka tumanidagi maktab binosida sodir bo‘lgan. Qotil er va marhuma bir maktabda ishlashgan.  Oilaviy kelishmovchiliklar sabab kelib chiqqan janjal 34 yoshli ayolning o‘limi bilan tugagan. Turmush o‘rtog‘ining tanasiga tiqqan pichoqni erkak uyga qaytgach o‘ziga ham urgan, bir necha marotaba. Uni ko‘rib qolgan akasi erkakni shifoxonaga olib borgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan. Mazkur holat yuzasidan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ha, “Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol” qo‘shig‘ini deyarli hamma yoddan biladigan jamiyatimizda shunday ishlar sodir bo‘lyapti. 

Vodiyda erkak o‘z turmush o‘rtog‘ining hayotiga nuqta qo‘yganidan 2 kun o‘tib, Buxoroda profilaktika inspektori o‘zini daryoga tashlab, joniga qasd qilgan ayolning hayotini saqlab qoldi. 29 yanvar kuni soat 16:30 larda Vobkent tumani IIB profilaktika inspektori o‘zini daryoga otgan ayolni ko‘rib qolgan. Tezkorlik bilan uni qutqarishga kirishgan xodim ayolni qirg‘oqqa olib chiqqan va zudlik bilan tez tibbiy yordam xodimlarini chaqirigan. Ma’lumot o‘rnida o‘sha kuni Buxoroda havo harorati -2 darajada bo‘lgan.  Keyinchalik aniqlanishicha, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ayol G‘ijduvon tumanidan bo‘lib, to‘rt nafar farzandning onasi bo‘lgan.

Xodimning bu qahramonligi alohida e’tirof etildi. Favqulodda vaziyatda ko‘rsatgan jasorati, qat’iyati va kasbiga sadoqati uchun kapitan Amrillo Rasulov muddatidan oldin mayor maxsus unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov xabar berdi.

Bir fuqaroning hayotini saqlab qolgani uchun Buxorodagi xodim xalq tomonidan ham olqishlandi. Biroq, Toshkentdagi huquq-tartibot va nazorat organlari faoliyati keskin tanqid qilindi, prezident tomonidan. 

27 yanvar kuni Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri respublikaga namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan paytda, mas’ullar hanuz eskicha ishlash uslubidan voz kecha olmayotganini qoraladi.

Prezident poytaxtda profilaktika ishlari sust tashkil etilgani, profilaktika inspektorlari o‘z vazifalaridan chalg‘itilib, boshqa ishlarga jalb etilayotgani sababli mahallalarda ularni topib bo‘lmayotganini qayd etdi. Ayrim mahallalarda davlat rahbari topshirig‘i bilan o‘tkazilgan tekshiruvlarda inspektorlarning ish joyida yo‘qligi aniqlangan.

Shuningdek, Prezident narkojinoyatchilikka qarshi kurashda organ xodimlarida qat’iyat yetishmayotganini, ular oxirigacha borishga harakat qilmayotganini tanqid qilib, Toshkentda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni 4 mingdan oshganini bildirdi.

Narkojinoyatlarlar ham, ularni sodir qilayotgan jinoyatchilar ham 2 barobarga oshgani DXX raisi bahodir Qurbonov tomonidan ochiqlangan edi. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi raisi o‘rinbosari Shavkat Qayumov ham narkojinoyatlar Koronavirus davrida ommalashganini aytdi.

“Masala shundaki, COVID-19 davrida narkojinoyatlar keskin jadallashdi. Statistikaga qarasangiz ham, sintetik narkotik vositalar aynan 2020 yildan keyin dolzarb muammoga aylana boshlaganini ko‘rasiz. Endilikda chegaralardan narkotik moddalarning o‘zi emas, balki ularning formulalari olib kirilmoqda”, deydi Shavkat Qayumov.

500 so‘mlik tibbiy niqoblarni 50 ming so‘mgacha ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan, hammani vahimaga solgan, odamlarni bir-biridan 2 metrgacha masofa saqlashga majbur qilgan, ko‘plab insonlarning vafotiga sabab bo‘lgan COVID-19 ning ziyonlarini yaxshi eslaymiz.  Mana endi uning yana bir katta zarari haqida ham bilamiz. Yana u kabi tarqalishi tezlashayotgan, o‘limga olib keluvchi, davosi hali topilmagani aytilayotgan Nipah virusi sabab O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan ikki davlat nazorati kuchaytirildi. 

Qirg‘iziston 28 yanvardan boshlab Hindistondan Nipah virusiga moyil bo‘lgan hayvonlar hamda hayvon mahsulotlarini olib kirishni vaqtincha taqiqladi. Mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mutasaddilar Nipah virusini o‘ta xavfli yuqumli kasallik sifatida baholamoqda. U asosan, hayvonlar orqali insonlarga yuqishi mumkinligi, og‘ir klinik asoratlar keltirib chiqarish ehtimoli yuqoriligi bilan izohlanadi. Shu sababli, ehtimoliy tarqalishning oldini olish uchun importga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov choralari joriy etilmoqda.

Ayni paytda qo‘shni Qozog‘istonda ham epidemiologik holat bilan bog‘liq ravishda barcha chegara o‘tish punktlarida karantin hamda sanitariya nazorati kuchaytirilgan. Qolaversa, Indoneziya, Vetnam, Tailand va Malayziya ham mamlakatga kirishda tekshiruvlarga jiddiy ahamiyat bermoqda.

Bizda esa ushbu virus bilan bog‘liq vaziyatga berilgan bahoni eski filmdagi jumla bilan izohlash mumkin: Bog‘dodda hammayoq tinch!

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov mazkur virus bilan bog‘liq holat haqida ma’lumot berganida, O‘zbekistonda Nipah virusi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘qligi, chunki uning O‘zbekiston hududida tarqalish ehtimoli juda pastligini aytgan edi. Shu bilan birga, “Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu virus dunyoda ham keng ko‘lamli epidemiya yoki pandemiya keltirib chiqarish ehtimoli yo‘qligini ta’kidlamoqda”, deya qo‘shimcha qilgandi. 

Nurmat Otabekov koronavirus pandemiyasi paytida juda ko‘pchilikka tanilgan virus bilan bog‘liq xabarlarni yetkazish orqali. O‘sha paytda ham “xavotirga o‘rin yo‘q”, degan gaplarni undan ko‘p eshitganmiz. Hatto, koronavirus bilan xastalangan birinchi bemor rasman aniqlanishidan bir kun oldin ham shu mazmundagi gaplar yangragan edi. Vahimaga sabab bo‘lmoqchi emasmiz. Biroq, ehtiyotkorlik ziyon qilmaydi.

Shusiz ham yana bir kasallik bizda keng tarqalayotgani aytilmoqda. JSST O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakatlar ro‘yxatidan chiqardi. Bunga esa mamlakatda bir necha yil ichida kasallanish holatlarining ko‘paygani sabab bo‘lgan. Xuddi shunday qaror yana besh davlat – Ozarbayjon, Avstriya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Armanistonga nisbatan ham qabul qilingan. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Mutaxassislar kasallikning keskin ko‘payishiga asosiy sabab sifatida ommaviy emlashdagi bo‘shliqlarni ko‘rsatmoqda. Shu tufayli, ayniqsa voyaga yetmaganlar orasida immunitet pasaymoqda. Qizamiqdan xoli mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarilgan davlatlarda eng ko‘p kasallanish holatlari 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida qayd etilayotgani ta’kidlanadi.

JSST kasallanish holatlarining aksariyati emlanmaganlar hissasiga to‘g‘ri kelayotganini inobatga olib, qizamiqqa qarshi emlashning ikki dozasi bilan qamrovni aholining kamida 95 foizi darajasida ta’minlashni qat’iy tavsiya etmoqda. Endilikda O‘zbekiston qizamiqdan xoli mamlakatlar ro‘yxatiga qaytishi uchun uch yil davomida virusning aylanishi butunlay yo‘qligini ta’minlashi va epidemiologik nazoratni sezilarli darajada kuchaytirishi lozim.

Shu sabab sizga ham oilaviy polklinikadan qo‘ng‘iroq qilib, “emlashga farzandingizni olib keling” deyilsa, turli bahonalarga chalg‘imasdan albatta boring.

Hafta davomida Toshkentning havosi iflosligi bo‘yicha yana dunyo reytingini titratgani haqida xabar e’lon qilindi. Lekin bu “hafta tahlili” uchun juda bir katta yangilikmas. Chunki, bunday ma’lumotlar tez-tez chiqishini odatiydek qabul qilishni boshladik, hatto. Bu holatni yaxshilash uchun “ekologiya, ekologiya” deb hamma gapiryotgan paytda shu tizim xodimi daraxt kesishga ruhsat berish uchun pora oldi. Naqd 3 ming AQSH dollari.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tumanlardan biridagi bo‘limi boshlig‘i 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan o‘zi istiqomat qiluvchi uyning ko‘cha qismida qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida ko‘p yillik daraxtlarni kesib tashlashi uchun ruxsat berish evaziga 3 ming AQSH dollarini pora tariqasida olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Ayni paytda, xodimga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Mas’ullarning o‘zi pul evaziga har narsaga rozi bo‘ayotgan paytda boshqalardan nima kutish mumkin? Bu holat ayrim fuqarolar uchun ham ekologiyadan ko‘ra uyini ta’mir qilish muhimroqligini ko‘rsatadi. Tabiat kushandalariga nisbatan choralar kuchaytrilishi ham ularni to‘xtata olmayotgani achinarli. Demak, nimani eksak shuni o‘rib yuraveramiz!

Daraxt qotillaridan haqiqiy “killer” mavzusiga o‘tamiz. Samarqand viloyatida yollanma qotillik jinoyatini sodir etishning oldi olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, 2002 yilda tug‘ilgan shaxs Toshkent shahrida yashovchi fuqaro bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sababli uni o‘ldirishni maqsad qilib, yollanma qotil izlayotgani aniqlangan. 

Shundan so‘ng tezkor tadbir o‘tkazishga kirishilib, shartli yollanma qotil tadbirga jalb etilgan. 2002 yilda tug‘ilgan ushbu shaxs shartli yollanma qotilga o‘zi bilan kelishmovchiligi bo‘lgan shaxsni o‘ldirishni buyurib, uning evaziga 2200 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘larini berishni va’da qilgan.

Joriy yilning 27 yanvar kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 24 yoshli shaxs yollanma qotildan grimlangan murda fotosuratini qabul qilib olgach, 2 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘larini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

U bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida qo‘lga olingan ushbu shaxs o‘zi ishlab kelayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning 1996 yilda tug‘ilgan rahbari, Toshkent shahrida yashovchi qarindoshi bilan oldindan mavjud bo‘lgan nizolar hamda katta miqdordagi qarzi sababli qotil yollashga buyruq berganini aytib bergan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat olamidan uzoqlashmaymiz. Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida “Tayson”  qo‘lga olindi. Yo‘q-yo‘q, bu siz o‘ylagan inson emas. Shunchaki, mashhur bokschining ismini o‘ziga laqab qilib olgan shaxs boshchiligida ko‘cha bezoriligi va tahdidlar bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy to‘da fosh qilindi. Bu haqda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Sharof Rashidov tumani Olmachi mahallasida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan “Tayson” laqabli shaxs, 1990 va 1988 yillarda tug‘ilgan mahalladoshlari bilan bir guruhda bo‘lib, doimiy ravishda fuqarolarga nisbatan turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik harakatlarini sodir etib kelgan. Ular fuqarolarni o‘ldirib ketish bilan qo‘rqitib, jamiyatda qo‘rquv va beqarorlik muhitini yuzaga keltirgan. 

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida mazkur guruh a’zolari jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, mahalla hududidagi oziq-ovqat do‘koni oldida fuqarolarning tinchligini buzganligi aniqlangan. 1993 yilda tug‘ilgan mahalladoshiga nisbatan zo‘ravonlik qilib, uning bosh qismiga singan shisha bo‘lagi bilan urilgan. Janjalni to‘xtatmoqchi bo‘lgan boshqa fuqarolarga ham hech bir sababsiz jarohatlar yetkazib, ularga qarshilik ko‘rsatishgan. 

Oqibatda jabrlanuvchi bosh miya chayqalishi, o‘ng peshona suyagi sinishi, burun sohasining lat yeyishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Mazkur holat yuzasidan, Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi "g" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Nurzodbek Vohidov


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev DXX Turkiya IIB killer Tayson o'zbekistonlik ayol 19 yoshli qiz pichoqlangan ayol Yalang'och rasmlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing