Tatyana Karimova Mirziyoyevni saylaganini isbotlashga qattiqroq kirishdi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova Instagram’dagi sahifasi orqali 9 iyul kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Shavkat Mirziyoyevga ovoz berganini isbotlashga urinayotgani haqida xabar bergan edik. 

Ushbu xabardan so‘ng, QALAMPIR.UZ’ga Islom Karimov ilmiy-ma’rifiy majmuasidan qo‘ng‘iroq qilib, Tatyana Karimovaning Instagram sahifasidagi post matni o‘zgartirilgani aytildi, shu bois maqolada ham o‘zgartirish so‘raldi. Postning yangilangan talqini quyidagicha: 

“Qadrli do‘stlarim, afsuski, internetda men ilgari e’lon qilgan surat bilan bog‘liq ataylab buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar paydo bo‘ldi – go‘yoki mening saylov byulletenimda bironta ham nomzod belgilanmagan. Shuning uchun men aniqlik kiritishni zarur deb bilaman. 

Mana, e’lon qilingan fotosuratning kattalashtirilgan asl nusxasi, bu mening tanlovimni aniq ko‘rsatadi. 

Keling, bir-birimizga mehribonroq va ehtiyotkor bo‘laylik”,  deb yozgan Tatyana Akbarovna Karimova.

Gap shundaki, Tatyana Karimova 10 iyul kuni saylov uchastkasida ovoz berayotgani tasvirlangan suratni bir necha bor ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirib, o‘chirib yubordi. So‘nggi joylagan suratida Karimova xonim saylov byulletenida Shavkat Mirziyoyev nomzodini belgilaganini ko‘rsatishga uringan va quyidagicha izoh qoldirgan. 

“Qadrli do‘stlar, afsuski, internetda bugun qo‘ygan suratim bilan bog‘liq ataylab buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar paydo bo‘ldi va aniqlik kiritishni lozim deb bilaman. 

Ijtimoiy tarmoqqa joylashda surat sifati yomonlashishi va suratdagi ayrim detallar aniq ko‘rinmasligini hamma yaxshi biladi. Mana, bugun e’lon qilingan asl fotosurat, bu mening tanlovimni aniq ko‘rsatib turibdi”.

Tatyana Karimova saylovda kimga ovozini berganini nima uchun bu darajada isbotlashga urinayotgani bizga qorong‘u. 

Gap shundaki, 75 yoshni qarshilash arafasidagi Tatyana Karimova joriy yilning 17 iyun kuni nabirasi Imonni 25 yoshni qarshilagani munosabati bilan tabriklash asnosida, qamoqda qolayottgan qizi Gulnora Karimovani ko‘rishga ruxsat berilmayotganidan noligan edi. 

“Nevaram Imonni 25 yoshni qarshi olgani bilan tabriklayman. Baxt, farog‘at, mehr-muhabbat tilayman.

Lekin afsuski, bugungi go‘zal kun quvonchi to‘kis emas. 21-jazoni ijro etish koloniyasidagi qizim Gulnorani ko‘rishga ruxsat berilmadi…” deb yozgan o‘shanda sobiq birinchi xonim.

Uning ushbu posti nafaqat mamlakat ichida, balki tashqarisida ham katta shov-shuvlarni keltirib chiqargach, ushbu post o‘chirib yuborilgan edi. 

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, avvaliga Karimova joylagan aynan shu ko‘rinishdagi suratda u saylov byulletenida hech bir nomzodni belgilamay, uni saylov qutisiga tashlayottgani aks etgan. Oradan vaqt o‘tib, u ushbu suratni o‘chirib yuborgan. Tarmoqda esa "Tatyana Karimova saylovda hech kimga ovoz bermadi" nomli xabarlar tarqaldi. 

Eslatib o‘tamiz, Tatyana Karimova 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida g‘alaba qozongani va yana 7 yillik muddatga O‘zbekiston Prezidenti lavozimini egallagani munosabati bilan Shavkat Mirziyoyevni tabriklagan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tat'yana Karimova prezident saylovi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing