Qirg‘izistonda prezident saylovi qachon o‘tkazilishi e’lon qilindi
Olam
−
16:45 7175 2 daqiqa
Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi navbatdagi prezidentlik saylovi yanvar oyining to‘rtinchi yakshanbasida o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu 2027 yil 24 yanvarga to‘g‘ri keladi. Jokorku Kenesh esa saylovlarni ushbu sanadan 4 oy oldin, ya’ni 2026 yil 24 sentyabrgacha belgilaydi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi 2021 yil yanvarida saylangan prezidentning vakolat muddati 2010 yilgi Konstitutsiya bo‘yicha 6 yillik muddatda yakunlanishi kerakligini e’lon qilgan. 2021 yilgi Konstitutsiya bilan belgilangan 5 yillik muddat amaldagi prezidentga taalluqli emas.
Sud prezidentning so‘rovi asosida Konstitutsiyaning ayrim moddalari (67-moddaning ikkinchi paragrafi, 68-moddaning 2-qismi va 72-moddaning 1-qismi) hamda 2010 yilgi Konstitutsiya va 2021 yil 11 aprelda qabul qilingan “Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasi” qonuni bilan bog‘liqligi yuzasidan rasmiy izoh bergan.
Sud qarorida aytilishicha, prezidentlik vakolati – bu xalqning suverenitetini ifodalovchi bevosita irodasi natijasi bo‘lib, yakunlangan huquqiy holatdir. Vakolat muddati orqaga sanab o‘zgartirilishi mumkin emas. Agar muddati retroaktiv ravishda qisqartirilsa, bu huquqiy aniqlik va saylovlarning qonuniyligiga zid bo‘ladi. Yangi Konstitutsiya mavjud jamoat-huquqiy munosabatlarga aralashmasligi lozim.
Sud qayd etganidek, 2021 yilda 6 yillik muddatga saylangan prezident yangi Konstitutsiya shartlari bo‘yicha vakolatini davom ettiradi, bu muddat esa “ikki muddatdan oshmaslik” qoidasida birinchi hisoblanadi. Shu bilan birga, bu muddat qayta hisoblanmaydi va qisqartirilmaydi. U faqat yangi qoidaning qo‘llanilishida ahamiyatga ega va amaldagi vakolatning tugash sanasiga ta’sir qilmaydi.
Shu tariqa, amaldagi prezident 6 yillik muddatni to‘liq yakunlaydi, yangi 5 yillik muddat qonuni esa keyingi saylovlarga tatbiq etiladi.
Sud, shuningdek, muddatdan oldin saylovlar o‘tkazilishining asoslari aniq belgilanganini eslatib o‘tgan. Unga ko‘ra, iste’fo arizasi, vakolatdan chetlashtirish, kasallik tufayli vazifani bajara olmaslik yoki o‘lim holatlaridagina muddatdan oldin saylov o‘tkazilishi mumkin, shaxsiy yoki jamoat muhokamalari bunga asos bo‘la olmaydi.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi