Tasmaniya sohiliga 150 ta kichik qotil kit chiqib qoldi (video)
Olam
−
19 fevral
13155Avstraliyaga qarashli Tasmaniya orolining shimoli-g‘arbiy qismida 150 dan ortiq kichik qotil kit (Pseudorca crassidens) sohilga chiqib qoldi. Ularning 14 tasi halok bo‘lgan. Bu haqda mahalliy Tabiat resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish departamentiga tayanib, ABC News xabar berdi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 150 ta dengiz jonzoti orolning shimoli-g‘arbiy qirg‘og‘ida, Artur daryosining okeanga quyilish joyi yaqinida aniqlangan.
“Dastlabki kuzatuvlarga ko‘ra, 136 ta kichik qotil kit hali tirik. Departament Tasmaniya Milliy bog‘lar va yovvoyi tabiat xizmati reynjerlari bilan birgalikda tegishli choralarni ko‘rishga hozirlanmoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Mutasaddilar hayvonlarga yordam berish oson bo‘lmasligi, chunki bu hudud olisda joylashgani va maxsus uskunalarni yetkazib berishda muammolar borligini ta’kidlagan.
Hozirda voqea joyida veterinarlar va dengiz biologlari ishlamoqda. Ular tirik qolgan kichik qotil kitlarning holatini baholash bilan birga, ularni suvga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rmoqda.
Kichik qotil kitlarning sohilga chiqib qolish sabablari hozircha noma’lum. Mutaxassis Klarkning so‘zlariga ko‘ra, bunday hodisalar Tasmaniyada tez-tez uchrab turadi. 2020 yilda Makkuori qo‘ltig‘i sohiliga taxminan 470 ta qora delfin, 2022 yilda esa 200 ta kichik qotil kit chiqib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati Tupqarag‘an tumanidagi Kaspiy dengizi sohilida 289 ta o‘lik tyulen topilgan edi. Ilk bor o‘lik tyulenlar haqida qozog‘istonlik bloger va faol Azamat Sarsenbayev o‘z Instagram sahifasida ma’lum qilgan. Gidrobiologiya va ekologiya instituti ilmiy xodimi Jazira Sidiqovaga ko‘ra, Tupqarag‘an yarimorolining g‘arbiy sohilida Kaspiy tyulenlarining o‘limiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash maqsadida monitoring amalga oshirilgan.