“Tashkent city”dagi ko‘chalarga nom berildi
Jamiyat
−
24 noyabr 2019
10190Poytaxt Toshkentning qoq markazida qad rostlagan shahar ichidagi shaharcha - “Tashkent city" xalqaro ishbilarmonlik markazidagi ko‘chalarga nom berildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2019 yil 14 noyabrdagi "Toshkent city" xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi yangi ko‘chalarga nom berish to‘g‘risidagi” qaroriga asosan yangi nom berilgan ko‘chalar ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxat quyidagicha:
1. Yangi Toshkent ko‘chasi;
2. Yangi Toshkent tor ko‘chasi;
3. O‘qchi ko‘chasi;
4. Zargar ko‘chasi;
5. Xadra ko‘chasi;
6. Xadra tor ko‘chasi.
“Tashkent city” xalqaro biznes markazi poytaxtning qoq markazida 80 gektar maydonda qurilyapti. U 8 lotga bo‘lingan. XBMni qurish 2017 yilda boshlangan. “Tashkent city” qurish Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti bo‘lganidan keyingi ilk yirik loyihasi bo‘ldi.
“Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi direksiyasi DUK rahbari tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev keyinroq Toshkent shahar hokimi etib tayinlandi.
21 qavatli “Hilton” mehmonxonasi va “Congress hall” joylashgan 5-lotning umumiy maydoni 8,8 gektarga teng. “Congress hall” davlat ahamiyatiga molik mahalliy hamda xalqaro doiradagi tadbir va anjumanlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan.
Lotdagi har ikki loyihaning investori “Akfa Dream World” kompaniyasi hisoblanadi. Loyihalarga 118 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritilgan.
Ma’lumot uchun, “Akfa Dream World” kompaniyasini Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ta’sis qilgan.