Tashqi kuchlar Gruziyada davlat to‘ntarishi qilishga urinyapti – Tbilisi meri
Olam
−
16 may
3808Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi bosh kotibi, Tbilisi meri Kaxa Kaladze namoyishlarni izohlar ekan, tashqi kuchlar mamlakatda davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinayotganini aytdi. Bu haqda “Rustavi 2” telekanali xabar berdi.
“Albatta, tashqaridan mamlakatda to‘ntarish, inqilob uyushtirishga urinish bor. Bunga hatto mitingga kelgan xorijliklar ham misol bo‘la oladi”, deydi Kaladze.
Kecha, 15 may kuni Tbilisida parlament binosi oldida qabul qilingan “xorijiy agentlar” haqidagi qonunga qarshi navbatdagi miting bo‘lib o‘tdi. Aksiyada Latviya, Estoniya, Litva va Islandiya tashqi ishlar vazirlari Bayba Braze, Margus Saxkna, Gabrielius Landsbergis va Tordis Kolbrun Reykford Gilfadouttir ishtirok etdi.
“Bu do‘stlik emas, bu dushmanlik va mamlakatda qutblanishni joriy etishga urinish. Tashqi ishlar vazirimiz Yerevanga borib, muxolifat mitingida qatnashsa, buni qanday tasavvur qilasiz? Qanday munosabat bo‘lar edi? Biz narsalarni o‘z nomi bilan atashimiz kerak", deydi Kaxa Kaladze mitingda Tashqi ishlar vazirlarining ishtirok etishini izohlar ekan.
14 may kuni Gruziya parlamenti “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvili veto qo‘yishini aytdi. Shu bilan birga, agar deputatlarning ko‘pchiligi Prezident qaroriga qarshi ovoz bersa, parlament uni chetlab o‘tishi mumkin. Qonun loyihasi tashabbuskori bo‘lgan “Gruziya orzusi” partiyasi parlamentdagi 150 o‘rindan 84 tasiga ega.
LiveBarchasi