Tashiyev va Japarov o‘rtasida prezidentlikni navbat bilan egallash kelishilganmidi?

Olam

image

2020 yil oktyabr oyida Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan norozilik namoyishlari fonida qamoqdan ozod etilgan va boshqaruvga kelgan Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev o‘rtasida o‘zaro kelishuv bo‘lib, davlat boshqaruvi ketma-ketlikka asoslangan holda taqsimlanganmi? Japarov muddati tugagach, davlat rahbari lavozimini Tashiyevga bo‘shatib berishi kerakmidi? Ayni vaqtda Qirg‘iziston jamoatchiligida bu kabi savollar urchigan. Davlat rahbari “Kabar” agentligiga bergan intervyusida ushbu masalaga ham to‘xtalib, boshqaruv borasidagi o‘zaro kelishuv haqidagi gaplarni rad etdi. 

Jurnalist Prezident Japarovga “jamiyatda siz va Qamchibek Tashiyev o‘rtasida saylovdan oldin “bir muddat – u, bir muddat – uning yaqin do‘sti” degan kelishuv bo‘lgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan edi, bu rostmi?”, deya murojaat qilgan.

“Qirg‘iziston – demokratik mamlakat. Davlatni kim boshqarishini bir hovuch odam emas, Qirg‘iziston xalqi hal qiladi. Konstitutsiyaga ko‘ra, har bir fuqaro saylovda ishtirok etish huquqiga ega va xalq ishonchiga sazovor bo‘lgan, aholi orasida reytingi yuqori bo‘lgan shaxs prezident etib saylanadi. Shuning uchun ham “bir muddat undoq, bir muddat bundoq” qabilidagi suhbatlar demokratik tamoyillarga to‘g‘ri kelmaydi, siyosiy madaniyatga ziddir. Bunday fikrlar xalqni tanlash huquqidan mahrum qilishga urinish sifatida qabul qilinadi”, deydi Sadir Japarov. 

Prezidentning aytishicha, voqealar xronologiyasi Jogorku Kenesh (parlament)da boshlangan. 

“Alohida deputatlik guruhlari deputatlarni chaqirib, “Sen biz tomondamisan yoki u tomondamisan?” degan savol bilan yuzlanadigan bo‘lishdi. “Biz tomondagilar kim-u, u tomondagilar kim?” deb so‘ragan deputatlarga “biz tomondagilar general tomondagilar, u tomondagilar prezident tomondagilar”, deb pogonlarini ko‘rsatib javob bera boshlashdi. 

Shundan so‘ng bo‘linish ko‘chadagi “oqsoqollar”ga ham o‘tdi. Ular muddatidan oldin saylov o‘tkazish uchun imzo to‘play boshlashdi, bu “eng yuqorida kelishilgan”, go‘yoki Jogorku Kenesh muddatidan oldin saylov e’lon qilmoqchi, degan gaplar bilan odamlarni chalg‘itishdi”, deydi Prezident. 

Davlat rahbari agar vaziyatga o‘z vaqtida baho berib, keskin qaror qabul qilmaganida, parlamentdagi boshboshdoqlik oddiy odamlar hayotiga ham ko‘chardi, deb ishonadi. 

“Chunki menda deputatlar va ayrim davlat xizmatchilarini “general” bilan qo‘rqitish faktlari bor edi. Ularga: “Agar biz tomonga o‘tmasang, general bilan olishasan”, deyishgan. Shuning uchun ham shunday qarorga kelishimga to‘g‘ri keldi”.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sadir Japarov Qamchibek Tashiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing