Tashiyev prezidentlik saylovida qatnashmasligini aytdi
Olam
−
15:11 2550 4 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyev 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan mamlakat prezidentligi saylovida o‘z nomzodi bilan qatnashmasligini ma’lum qildi. Tashiyevning bu haqdagi bayonotini bugun, 16 iyul kuni “Region” telekanalining sobiq bosh direktori O‘tkirbek Rahmonov o‘zining Facebook sahifasida e’lon qildi.
Tashiyevning bildirishicha, so‘nggi vaqtlarda 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi haqida uning nomi aralashtirilgan turli yolg‘on ma’lumotlar tarqatilmoqda. Shuning uchun xalq orasida turli taxminlarga o‘rin qoldirmaslik maqsadida MXDQ sobiq raisi o‘z pozitsiyasini ochiq va aniq bayon qilishni to‘g‘ri deb bilgan.
“Birinchidan, men 2027 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etmayman. Bu haqda avval ham bir necha bor aniq aytganman. Bugun ham shu qat’iy so‘zimdan qaytmayman! Mening pozitsiyam o‘zgarmagan va o‘zgarmaydi!”, degan u.
Shuningdek, Tashiyev kelgusi saylovda amaldagi Prezident va yaqin do‘sti Sadir Japarovni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
“Ikkinchidan, men 2027 yilgi prezidentlik saylovida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti, Oliy bosh qo‘mondon Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Bu ham mening anchadan buyon aytib kelayotgan qat’iy pozitsiyam ekanini bilasizlar”, deb aytgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi.
Bunga sabab qilib Tashiyev mamlakat barqarorligi, davlat manfaati va xalq birligi hamma narsadan ustun turishini bildirgan.
“Men davlatparvar va vatanparvar inson sifatida do‘stim Sadir Nurg‘ojoyevichni qo‘llab-quvvatlayman. Do‘stimni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz birligini va Qirg‘izistonimizning kelajagini qo‘llab-quvvatlayotganimga ishonaman”, degan u.
Qamchibek Tashiyev o‘z bayonoti orqali vijdoni pok ekanligini, vatani oldida halol hizmat qilib kelayotganini aytgan. Shu bilan birga, u nomidan foydalanib mish-mishlar tarqatayotganlarni “buzg‘unchi” deb atab, ularga ishonmaslikka chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday fitnalar birlikka ta’sir qiladi.
Shuningdek, xabarlarga ko‘ra, Tashiyev o‘z bayonotida yaqin do‘sti – Prezident Japarovga kichik messej ham yo‘llagan.
“Do‘stlikning muqaddas ahdini har qanday sharoitda ham saqlash orqali biz kelajak avlodga namuna bo‘lamiz!”, deb aytgan yaqindagina davlat to‘ntarishida aybdor deb topilgan Tashiyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchibek Tashiyev MXDQ raisi lavozimidan ketganidan so‘ng u 2027 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirgani haqidagi talqinlar bildirilgan edi.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi