Tashiyev davlat xizmatiga qaytmaydi – Sadir Japarov

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev iste’fosi haqida yana bir bor fikr bildirdi. Bu haqda u bugun, 16 fevral kuni “Kabar” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Prezidentning aytishicha, Tashiyev bilan do‘stona munosabatlar saqlanib qoladi, biroq u davlat xizmatiga qaytmaydi. Japarov ular iste’fodan so‘ng shaxsan uchrashganini ham ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Tashiyev hozir dam olishi va sog‘lig‘iga e’tibor qaratishi kerak.

Davlat rahbari kadrlar bo‘yicha qarorlar mustaqil ravishda qabul qilinganini, bunda hech qanday kelishuv yoki tashqi bosim bo‘lmaganini aytgan. Huquqni muhofaza qilish tizimidagi ishlar esa odatdagidek davom etadi.

Japarov mamlakatda to‘ntarish yoki muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishi ehtimolini rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir beqarorlik uchun hech qanday asos yo‘q. Prezident mamlakatni “kuch bilan emas, aql bilan” boshqarish kerakligini ta’kidlagan.

Shuningdek, u davlat idoralari faoliyatini shaxsan nazorat qilayotganini va barcha islohotlar qonun doirasida davom etishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevni lavozimidan ozod etishdan avval unga qo‘ng‘iroq qilib, bu masalada ogohlantirganini ma’lum qilgandi.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov Qamchibek Tashiev Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing