Tashiyev 2026 yilgacha “vor v zakone”larni “qirib tashlash”ni va’da qildi
Olam
−
23 noyabr 2023
16225Qirg‘izistonda 2026 yilga kelib hammasi joyida bo‘ladi, jinoyatchilik bo‘lmaydi. Mamlakatni Rayimbek Matraimov ham, Jengo ham boshqarmaydi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev bugun, 23 noyabr kuni Jogorku Kenesh yig‘ilishida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurashda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari o‘zlariga yuklangan vazifalarni aniq bajarmoqda.
“Agar ilgari Qirg‘iziston demokratiya oroli deb atalgan bo‘lsa, endi jinoyatchilikka qarshi kurashib, respublikani qonuniylik oroliga aylantiramiz. Bugungi kunga qadar jinoyatchilikka qarshi kurashdan davlatga mulk va pul shaklida 200 million dollardan ortiq mablag‘ o‘tkazdik”, deydi Tashiyev.
Uning qayd etishicha, jinoiy guruhlardan tortib olingan mol-mulklar bugun davlatga o‘tkazilmoqda.
“Jinoyatchilar boshpanaga aylantirgan “Ayperi” saloni davlat ixtiyoriga topshirildi. Bino 20-25 million dollarga baholangan. Toshko‘mirdagi “Kristall” zavodi ham uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan bosib olingan. Barcha daromadli korxonalarda jinoiy guruhlar ulushi bor”, deydi MXDQ raisi.
U so‘zida davom etib, yaqinda MXDQ maxsus operatsiyasida o‘ldirilgan Qamchibek Qo‘lboyev (Kolya Qirg‘iz) masalasiga ham to‘xtalib, uning jinoiy faoliyatini tekshirish va jinoiy yo‘llar bilan orttirilgan mol-mulkini musodara qilish davom etayotganini bildirdi.
“Kuni kecha Qamchi Ko‘lboyev 10 million dollar sarmoya kiritgan korxonani topdik. Uning sheriklari pulni naqd qilib qaytarib berishgan. Kimdir 12 million dollar topshirgan bo‘lsa, boshqasi 30 million dollarni qaytarish arafasida. Bu pullarning barini bir tiyiniga qadar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining maxsus hisob raqamiga o‘tkazamiz”, deydi Tashiyev.
Albatta, yirik puldorlarning uyi va ofisidan o‘tkaziladigan tintuvlarda pullar va qimmatbaho buyumlarni musodara qilish jarayoni ko‘pchilikda shubha uyg‘otadi. Tashiyev bu gumonlarga ham o‘rin qoldirmay, shunday dedi:
“Xodimlarim ko‘rsatmalarni qat’iy bajarishadi – bu mablag‘lardan bir tiyin olmaydilar. Agar kimdir tartibni buzsa, men ularni ishdan bo‘shatishim mumkin. Kecha men uchta shunday xodimni ishdan bo‘shatdim. Ulardan biri 28 ming dollar pora olgan, ikkinchisi investorlardan 82 ming dollar o‘tkazishda vositachi bo‘lgan”.
U Vazirlar Mahkamasidan xodimlarining oyligini oshirish uchun pul so‘ragan.
“400 million so‘mga yaqin pul so‘raymiz. Shu bilan birga, biz milliardlarni davlatga qaytaramiz. Menga boylik ham, kursi ham kerak emas. Menga qonuniylik kerak. Men buni jinoiy guruh boshlig‘i Jengo jinoiy faoliyatini davom ettirmasligi uchun qilaman. Eslatib o‘tamiz, u kamerada uyushgan jinoiy guruhdan voz kechdi, ammo nopok ishlarini davom ettirmoqda. Men ikki yil davomida jinoyatchilikka qarshi kurashga tayyorlandim. 2026 yilga kelib hammasi joyida bo‘ladi, jinoyatchilik bo‘lmaydi. Na Rayimbek Matraimov, na Jengo mamlakatni boshqaradi”, deya xulosa qildi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (“Kolya Qirg‘iz”) Bishkekda qo‘lga olinayotganda mamlakat Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev To‘qmoq shahrida qo‘mitaning yangi binosi ochilishida qatnashib, jinoyatchilarga qarata “bittasi bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishi”ni aytgandi.
LiveBarchasi