“Tartibga solingan” tartibsizlik: pirotexnika bo‘yicha chalkash hujjatlardan nima tushunish mumkin?

Tahlil

image

Biroz avval, QALAMPIR.UZ’da “Avjiga chiqqan mushakbozlik: chegaralarni chetlab o‘tgan pirotexnika uchun kim javob beradi?” nomli maqola chop etilgan edi. Maqolada mamlakat shaharlari, ayniqsa, poytaxtda bayram kunlari mushakbozlik avjiga chiqqani, Bojxona qo‘mitasi tomonidan chegaralarda pirotexnika vositalarining noqonuniy olib kirilishi holatlari haqida bot-bot xabar berilayotganiga qaramay, mushakbozlik kamaymagani, bunga esa mahalla va ko‘chalardagi profilaktika inspektorlarining ayrimlari tomoshabin bo‘lib turgani, chegarada ushlab qolinayotgan pirotexnika vositalari qanday yo‘q qilinayotgani haqida ma’lumot berilmayotgani yozilgan edi. Shundan so‘ng, IIV va Bojxona qo‘mitasi QALAMPIR.UZ’ga bir qator ma’lumotlarni taqdim etdi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda pirotexnika vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Bularning eng avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 maydagi 222-II-son bilan ro‘yxatga olingan “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qarori keladi. 

Qarorga binoan pirotexnika buyumlarini (harbiy maqsaddagi mahsulotlardan tashqari) ishlab chiqish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilgan. Aniq va ravshan qayd etilishicha, yuqoridagilar litsenziyalanadigan faoliyat turi!

Ahamiyat bering, bu yerda foydalanish so‘zi ham bor! Demak, sizu biz tegishli litsenziyaga ega emas ekanmiz, u holda pirotexnika vositasidan foydalana olmaymiz!

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakat hududida pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish vaqtincha taqiqlangan. 

Oradan bir yil o‘tib, 2010 yilning 25 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan “Pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan. 

Ushbu Nizom pirotexnika buyumlarini (harbiy maqsaddagi mahsulotlardan tashqari) yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra:

•    pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish (xavflilikning I — V klasslari);

•    texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlaridan foydalanish (xavflilikning III — V klasslari) litsenziyalanadi. 

Maishiy maqsaddagi pirotexnika buyumlari (xavflilikning I-II klasslari) tayyorlovchining yo‘riqnomasi talablariga rioya qilish sharti bilan yakka tartibda foydalanish maqsadida fuqarolar tomonidan erkin sotib olinishi, tashilishi, saqlanishi va foydalanilishi mumkin. Bundan anglashiladiki, mushakbozlik qilayotganlar qo‘llaridagi ko‘ngilxushlik vositasidan foydalanishga to‘la haqli. Faqat ushbu pirotexnika buyumlari xavflilikning I-II klasslariga javob berishi kerak. Xo‘sh, buni kim belgilaydi? Foydalanuvchi buni biladimi? Aksariyat hollarda yo‘q, albatta. 

Masala haqida atroflicha fikr yuritilganda shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, “litsenziyam bo‘lsa, foydalana olarkanman-da”, deb fikr yuritish ham to‘g‘ri emas. Boisi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2011 yil 7 yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati”da pirotexnika vositalarining realizatsiyasi nazarda tutilmagan.

Vaqtincha taqiq bekor bo‘lganmi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 10 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 1-bandiga binoan O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish vaqtincha taqiqlangan! Eng muhimi, Lex.uz'ga tayansak, bu qaror hali bekor bo‘lmagan, o‘z kuchida turibdi!

Unda, nega sotilyapti?

Bugungi kunda pirotexnikaning rasmiy do‘konlari mavjud, ular ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifa va kanallari orqali Yangi yil oldidan pirotexnika targ‘ibotini ham olib borishyapti.

Masalan, pirotexnika buyumlarini (harbiy maqsaddagi mahsulotlardan tashqari) ishlab chiqish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish – litsenziyalanadigan faoliyat turiga kirar ekan, unda qanday qilib xaridor ushbu do‘kondan sotib olingan pirotexnikadan foydalanishi mumkin?

Mumkinmi yo mumkin emasmi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2001 yil 12 maydagi 222-II-son bilan ro‘yxatga olingan “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, pirotxenikani sotib olish tashish, saqlash va foydalanish faqat litsenziya asosida yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yildagi 309-son qaroriga binoan pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish vaqtincha taqiqlangan. Va aynan shu yilda qabul qilingan 234-son qarorda esa (ha-ya, ushbu qarorga 2020 yilda ham o‘zgartirishlar kiritilgan) jismoniy shaxs bemalol yakka tartibda foydalanish maqsadida pirotexnikani erkin sotib olishi va foydalanishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 25 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ilovasi pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomning 3-bandida quyidagi jumla bor: maishiy maqsaddagi pirotexnika buyumlari (xavflilikning I-II klasslari) tayyorlovchining yo‘riqnomasi talablariga rioya qilish sharti bilan yakka tartibda foydalanish maqsadida fuqarolar tomonidan erkin sotib olinishi, tashilishi, saqlanishi va foydalanilishi mumkin.

Xo‘sh, pirotexnika buyumlarini sotib olish va ulardan foydalanishda qaysi hujjatga asoslanish kerak? 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, “amaldagi qonun hujjatlariga asosan maishiy turdagi pirotexnika mahsulotlarini muomalasi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, savdo ob’ektida saqlash, realizatsiya qilish, tashish va foydalanish faoliyat turlarini amalga oshirish uchun litsenziya berilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 25 oktyabrdagi 234-son “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishiga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida’’gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi”.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda ushbu turdagi faoliyatni amalga oshirish uchun “BARS SPORTING” MCHJga Ichki ishlar vazirligining 2018 yil 15 oktyabrdagi PT 001-son litsenziyasi berilgan.

IIVga ko‘ra, ushbu korxonaning Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida rasmiy do‘konlari mavjud. 

“Qolgan holatlarda fuqaro yoki tashkilotlar tomonidan barcha turdagi pirotexnika buyumlarini respublika hududiga olib kirish, realizatsiya qilish, saqlash, tashish va foydalanish qonunga xilof hisoblanib, miqdoridan kelib chiqqan holda ma’muriy (185-1-modda) yoki jinoiy (250-1, 250-2-moddalari) javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deyiladi IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi bayonotida. 

Ichki ishlar vazirligidan ma’lum qilinishicha, pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy muomalasini oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va tegishli vazirlik, tashkilot hamda jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda “Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasini oldini olish, aholi orasida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish yuzasidan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kompleks tashkiliy-tahliliy va tezkor-profilaktik tadbirlar rejasi”ga asosan 25 noyabrdan buyon maqsadli reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu tadbirlar natijasida 12 million 124 068 dona noqonuniy pirotexnika mahsulotlari aniqlanib, 258 nafar fuqarolar ma’muriy va 17 nafar fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 1046 nafar fuqarolarga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun sud idoralariga yuborilgan. 

Berilayotgan ma’lumotlar, rasmiy idoralar tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar ortidan baribir savollarga javoblar topilayotgani yo‘q! O‘zbekistonda pirotexnika vositalaridan yakka tartibda foydalanishga ruxsat bormi? Agar ruxsat bo‘lsa, ulardan qayerda va qanday holatda foydalanish mumkin? Agar bunga nisbatan o‘rnatilgan taqiq hamon o‘z kuchida qolayotgan bo‘lsa, nega nazorat yo‘q? Biz hamon javob kutyapmiz. 
 


Maqola muallifi

Teglar

pirotexnika

Baholaganlar

142

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing