Tarixiy qiyofasini yo‘qotayotgan O‘zbekiston: so‘nggi yillarda qanday binolardan ayrildik?

Tahlil

image

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda xususiylashtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Investitsiya kiritilmay, zarariga ishlayotgan korxona va inshootlar bilan birga, davlat ahamiyatiga molik, xalq uchun qadrdon bo‘lib qolgan binolar ham sotib yuborildi yoki buzib tashlandi. Ba’zilari esa, rekonstruksiya va restavratsiya qilish bahonasida butunlay o‘zgartirilib, qaytadan qurildi. Bu kabi holatlar oqibatida O‘zbekiston tarixiy qiyofasini asta-sekin yo‘qotib bormoqda. Qalampir.uz sayti so‘nggi yillarda buzib tashlangan, sotib yuborilgan yoki avvalgi qiyofasini yo‘qotgan binolar ro‘yxatini tuzib chiqdi.

Oloy bozori

Bozor tarixi XII asrlarga borib taqaladi. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan ushbu savdo maskani yaqin oradagi Oloy tog‘lari nomi bilan atalgan. 1928 yildan Oloy bozori nomi bilan rasmiy ravishda asos solingan. U shu kungacha bir necha marotaba ta’mirlangan. Ko‘pchilikka tanish qiyofa – qiya ustunli ochiq, keng pavilonlar esa, 1970 yillarda paydo bo‘lgan edi. 

2011 yilda bozor yana ta’mirlandi, lekin oradan 5 yil o‘tib, savdo markazi butunlay buzilib, qaytadan qurildi. 2016 yildagi ushbu qurilishda ko‘z o‘rgangan pavilonlar, bozor ramziga aylangan tillarang arkadan asar ham qolmadi. Afsuski, temir-beton konstruksiya ostida joylashgan sharqona bozorning qadrdon qiyofasi o‘rnini yangicha ko‘rinishdagi inshoot egalladi.

“Bozorni yana qayta qurishdan ma’ni yo‘q edi. Insonlar uchun hech bir qulaylik keltirgani yo‘q. Yangi yotqizilgan asfalt maydonlari va savdoning yomon tashkillashtirilgani hisobga olinsa, aksincha bo‘ldi. Ideal sharoitda 20-30 ta skameyka o‘rnatib, bir necha umumiy ovqatlanish nuqtasini tashkil qilib, hech narsaga teginmasa ham bo‘lardi. Lekin bu yerda maqsad, har doimgidek, ”qulaylik“ yaratishda emas, ajratilgan mablag‘ni ”tuya qilish”da ekanligini tushunish qiyin emas", deb yozgan edi “Asia Terra” nashri.

Qoraqalpog‘istonda joylashgan Mizdaxan maqbarasi

2018 yilda Qoraqalpog‘iston o‘lkasi o‘rta asrlarga mansub noyob yodgorlikdan mahrum bo‘ldi. Restavratsiya niqobi ostida XII asrda qurilgan Shamunabi maqbarasi buzib tashlanib, o‘rniga yangi bino qurildi.

Arxeologlar tomonidan maqbara 1964 yilda Nukus yaqini Mizdaxan maqbarasini qazish ishlari vaqtida topilgan edi. 

“U takrorlanmas shaklga ega bo‘lgan bino: yetti qubbasi va ularda o‘rnatilgan yetti darchasi bo‘lib, ularning barchasi Makkaga qaratilgan edi. Maqbaraning ichidagi qabrlar ossuariyga, kirish darvozasi esa o‘tov eshigiga o‘xshardi. Ushbu yodgorlik to‘rt buyuk madaniyat va to‘rt din – nasroniylik, islom, buddizm va zoroastrizmga xos bo‘lgan belgilarni ajoyib tarzda o‘zida mujassamlashtirgani bilan ahamiyatli edi. Bu avlodlar uchun asrlar uzra qoldirilgan ajoyib falsafa va qadimiylik ramzidir. Oldin ushbu maqbaraga turistlarni olib kelganimda ular qoyil qolib, tahsinlar aytardi. Endi bo‘lsa, uning o‘rnida oddiy yangi qurilgan g‘isht bino turibdi, xolos. Unda hech qanday tarix ham, sir-asror va afsona ham yo‘q. Endi hamkasabalarim bu yerga sayyohlarni olib kelishga uyaladi", degan edi qoraqalpog‘istonlik tarix fanlari nomzodi, professional gid Oktyabr Dospanov.

 “Navro‘z” qabullar uyi

2021 yil 8 aprel kuni poytaxt Toshkent markazidagi tarixiy bino – 1980 yillarda qurilgan “Navro‘z” qabullar uyi kutilmaganda, dabdurustdan buzib tashlandi. “Navro‘z” qabullar uyidan davlat miqyosidagi yirik tantanali marosimlarni o‘tkazishda foydalanib kelinardi. Eng ahamiyatlisi, bu yerda ilk bor O‘zbekiston mustaqilligi nishonlangan. Qabullar uyi, shuningdek, to‘y marosimlari uchun ham xizmat ko‘rsatgan. Uyning rahbari Barno Ro‘ziyeva bir intervyusida “Navro‘z”da to‘ylar boshqa joylarga nisbatan o‘zgacha, tantanaliroq o‘tkazilishini, yoshlarni tabriklash uchun zalni gullar bilan, o‘ziga xos bezatilishini aytib o‘tgandi.

Qurilish vazirligi bino buzilishiga e’tiroz bildirgan jamoatchilikka javoban uy poydevorining yillar davomida 27 sm.ga siljiganini bahona qilib ko‘rsatdi. “Navro‘z” qabullar uyi o‘rnida kutubxona qurilishi aytildi.

Xo‘ja Porso jome’ masjidi

2021 yilning oktyabr oyida 1869 yilda qurilgan Xo‘ja Porso jome’ masjidi ham buzilgani ma’lum qilindi. U Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgandi. Madaniy meros agentligi bino bir necha joyidan yorilgani bois yangidan qurilayotganini aytgan. Bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda anchagina noroziliklarga sabab bo‘ldi, chunki bu restavratsiya bahonasida qaytadan qurilayotgan birinchi bino emasdi. Avvalroq ham Qoraqalpog‘istonda joylashgan “Qizil qal’a" va “Shamunabi” yodgorliklari restavratsiya sabab tarixiy qiyofasini yo‘qotgan edi.

Masjidning buzilgani haqida xabar bergan gid Jamil Qosimovning aytishicha, u Angliyadan kelgan turistlarni betakror ustunlar va naqshinkor shiftni ko‘rsatish uchun olib borgan, biroq ular masjid buzilib, uning o‘rnida qurilish ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘lishgan. Qayd etilishicha, angliyalik turistlar: “Mazkur ob’ektni sayyohlar uchun jozibador qilib turgan bu kabi go‘zallikni qanaqasiga yo‘q qilish mumkin? Yangi baribir yangiku”, deya hayron qolgan.

"Rakoviy korpus"

Sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev tomonidan imzolangan 255-son buyruq bilan 2022 yilning dekabr oyida Toshkent stomatologiya institutiga qarashli bir qavatli bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosi buzib tashlandi. Bundan maqsad Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun avtoturargoh qurish edi. Bu bilan bir nechta qonun buzilishi holatlari kuzatildi. Birinchi navbatda, shifoxona bo‘limini buzish bo‘yicha topshiriq berishga SSV vaziri vakolatli emasdi, ikkinchidan, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasidan ushbu binoning yaroqsiz ekani haqida hech qanday hujjat olinmagandi. Qolaversa, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binoni baholab, auksionga chiqarishi, auksionda yutib olgan tadbirkorlik sub’ektigina uni buza olishi mumkin edi. Ammo Behzod Musayev imzolagan buyruqda qurilish buyurtmachisi kim ekani (“Tibbiyot qurilish injiniring” unitar korxonasi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatib o‘tilgandi.

Bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi deb ataladigan bino Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Kichik halqa yo‘lida joylashgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bino 1901 yilda qurilgan. Oldin bino “Saraton kasalliklari bo‘limi (Rakoviy korpus)” deb atalgan. Bu binoda 1954 yilda rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsin davolangan va shundan keyin, 1963–1966 yillarda “Rakoviy korpus” romanini yozgan. Ushbu bino shunisi bilan ham alohida ahamiyatga ega hisoblanardi.

Eski “Toshturma”

Hukumatning 2018 yil 22 martdagi farmoyishiga asosan poytaxtning Namangan ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan, xalq tilida “Toshturma” deb ataladigan 1-son hibsxonasiga qarashli bino va inshootlar buzib yuborildi. Mazkur hibsxona va mahbuslar 2018 yilning yanvar oyida Zangiota tumaniga ko‘chirilgan.

Hokimlik matbuot xizmati “Toshturma” o‘rnida investor topilsa, ko‘p qavatli uy qurilishi, topilmasa, bino o‘rnida dam olish maskani barpo etilishini ma’lum qildi. Lekin hozircha bu maydon bo‘sh turibdi. Poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan “Toshturma” 1891 yilda qurilgan edi. Majmua yer osti va yer usti yo‘laklar bilan bir-biriga bog‘langan to‘rtta yerto‘lali binoni o‘z ichiga olgandi.

DXXning sobiq markaziy binosi

2021 yilning iyun oyida Toshkent shahri Sayilgoh ko‘chasida joylashgan DXXning sobiq markaziy binosi 210 milliard so‘mga “Metropol Group” MCHJga sotildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Metropol Group” MCHJ sobiq Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Rossiya fuqarosi sanalgan o‘g‘li Doniyor Abdulazizovich Komilovga tegishli. 

Bino dastlab Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatida edi. Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti 1950 yillarda barpo etilgan ushbu ma’muriy bino tarixiy va me’moriy jihatdan saqlanishi kerakligi, uning yon-atrofida joylashgan Knyaz Romanovning saroyi bilan birgalikda yaxlit me’moriy turistik ob’ekt hisoblanishini ma’lum qilgan edi. Ammo, markaziy bino sotildi va oradan ikki kun o‘tgach, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarildi.

“Sharq” nashriyot-matbaa korxonasi binolari

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2023 yilning 20 sentyabrida “Sharq” nashriyot-matbaa korxonasi binolari va O‘zA binosini yagona mulkiy majmua sifatida savdoga qo‘ydi. Madaniy meros agentligi har ikkala bino O‘zbekiston moddiy madaniy merosining ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilganini eslatib, ularni auksiondan olib tashlash bo‘yicha ogohlantirish berdi. Oradan uncha ko‘p vaqt o‘tmay, 2024 yilning yanvar oyida ushbu binolar moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatidan chiqarildi. 

Garchi, agentlik “Sharq” nashriyot-matbaa korxonasining asosiy ikki binosi buzilmasligini aytgan bo‘lsa-da, jamoatchilik ushbu inshootlarni ham sobiq DXX Markaziy binosining "qismati" kutayotganidan xavotirda. Haqiqatan ta’mirtalab, qarovga muhtoj ob’ektlar qolib, shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turadigan inshootlarning birdaniga sotib yuborilishi ko‘pchilikda shubha uyg‘otmoqda. Toshkentning markaziy qismida joylashgan ushbu binolar O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi bilan birga o‘ziga xos ansamblni tashkil etib turardi.

Mohinur Mamatova

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston tarixiy bino buzilishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made