Tarixiy faktlar Karimovning 2 sentyabrda emas, 28 avgust kuni vafot etganini tasdiqlamoqda
Tahlil
−
29 avgust 2019
71472O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2016 yilning 2 sentyabr kuni 78 yoshida vafot etgani xabar qilingan. U 3 sentyabr kuni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand zaminiga dafn etilgan edi.
Marhum Karimovning vafot etgani 2 sentyabr kuni e’lon qilinganiga qaramay, tarixiy hujjatlar va uni davolash jarayonida ishtirok etgan shifokorlar sobiq davlat rahbari aslida 28 avgust kuni olamdan ko‘z yumganini tasdiqlaydi.
QALAMPIR.UZ’ning o‘rganishlari shuni ko‘rsatmoqdaki, Bemor Islom Karimov, 78 yoshda, 27 avgust kuni ertalab soat 09.00 da hushsiz holatda zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiyot-sanitariya birlashmasining Markaziy klinik shifoxonasiga olib kelinadi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar, jumladan, bosh miya kompyuter tomografiyasi bemorda bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi subaraxnoidal qon quyilish asorati bilan (insult) aniqlangan. Arterial qon bosimi 250/120 mm. simob ustuniga teng. Bemorda yurak faoliyatining to‘xtashi kuzatilgan. 20 daqiqa davomida olib borilgan reanimatsion muolajalar natijasida yurak faoliyatini tiklashga erishilgan. Bemor miya o‘zagi faoliyati buzilishi oqibatida atonik koma holatiga tushdi va sun’iy nafas olish apparatiga o‘tkazildi.
27 avgustdan 28 avgustga o‘tar kechasi bemor yetakchi xorijiy klinikalarining neyroxirurglari, kardiolog va reanimatologlari – A.N.Bakulev nomidagi Yurak-tomir xirurgiyasi ilmiy markazi direktori, akademik L.Bokeriya, N.N.Burdenko nomidagi neyroxirurgiya ilmiy markazi direktori, akademik A.A.Potapov (Rossiya), Gannover xalqaro neyroxirurgiya institutining vitse-prezidenti va ijrochi direktori, professor Amir Sami (Germaniya), Kardiotorakal markaz direktori, professor Jilli Dreyfus (Monako), Xeydelberg universiteti klinikasining kardiologiya bo‘limi rahbari, professor Xyugo Katus (Germaniya), Xelsinki universiteti Markaziy gospitalining neyroxirurgiya bo‘limi professori Yuka Xernisniyemi (Finlyandiya) tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
“O‘zbekiston mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan konsilium natijasida keyingi davolash rejasi belgilab olindi”, deyilgan edi o‘sha vaqtda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tarqatilgan axborotda.
Bemorning nevrologik holati avval boshdan atonik koma sifatida qayd etilgan. Nevrologik statusda diffuz mushak atoniyasi, arefleksiya kuzatilgan. Bemorga uch marotaba dinamik elektroensefalografik tekshiruv o‘tkazilib, unda bosh miyaning bioelektrik faolligining susayishi aniqlangan.
O‘tkazilgan intensiv terapiya jarayonida bemorning ichki a’zolari (qon tomir, nafas olish, qon ivish tizimlari, buyrak va jigar) faoliyatining asta-sekin buzilishi – poliorgan yetishmovchiligi kuzatilgan.
“Yuqorida qayd etilgan to‘liq hajmdagi diagnostika-davolash muolajalari va intensiv terapiya chora-tadbirlari o‘tkazilganiga qaramasdan 2016 yil 2 sentyabr kuni soat 20:15 da yurak faoliyati to‘xtagan.
Amalga oshirilgan intensiv reanimatsiya tadbirlari natija bermadi va bemorda soat 20:55 da biologik o‘lim holati qayd etildi”, deyilgan rasmiy axborotda.
Qayd etilganidek, mazkur jarayonlarda A.N.Bakulev nomidagi Yurak-tomir xirurgiyasi ilmiy markazi direktori, akademik Leo Bokeriya ham qatnashgan. 27 avgustdan 28 avgustga o‘tar kechasi maxsus reys bilan O‘zbekistonga kelgan Leo Bokeriya Toshkentga kelganida Karimovni saqlab qolishning imkoni qolmagani va vaziyatdan avval boshidanoq shunday bo‘lganini qayd etgan. U intervyularidan birida shunday degan:
“...menga kutilmaganda qo‘ng‘iroq qilib, Islom Karimov bilan yuz bergan holat haqida xabar berishdi. Bu musaffo osmon uzra gumburlagan momaqaldiroqdek edi. Toshkentga uchib kelganimda hech narsaning iloji qolmagandi, vaziyat aslida boshidan shunday bo‘lgan bo‘lsa kerak. Bu kutilmaganda yuz bergan dard va uning qanday yakunlanishi ma’lum edi”.
Islom Karimovning betobligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2016 yilning 28 avgust kuni ilk rasmiy axborotni e’lon qilgan edi.
Bu orada mamlakatda va xorijda Islom Karimovning vafot etgani bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi. Ammo Hukumat ham, Prezident devoni ham, mamlakatning xorijdagi elchixonalari ham 2 sentyabr oqshomiga qadar bu ma’lumotni tasdiqlagani yo‘q. 28 avgust kunidan boshlab turli xorijiy internet nashrlarda Karimovning vafoti e’lon qilina boshladi. Hali Vazirlar Mahkamasining Islom Karimovning vafoti haqidagi rasmiy xabari e’lon qilinmay turib, Turkiya Respublikasining o‘sha vaqtdagi Bosh vaziri Binali Yildirim OAV orqali Islom Karimovning vafot etganini ma’lum qilib, O‘zbekiston xalqiga ta’ziya bildirgan edi.
LiveBarchasi