Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov kutubxonasi ochildi

Jamiyat

image

Poytaxt Toshkentdagi Oqsaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira haftaligi”ning o‘z ishini boshladi. 

Haftalik doirasida Islom Karimov nomidagi kutubxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova, yozuvchi va shoirlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Kutubxonada Islom Abdug‘aniyevich Karimovning asarlaridan tashqari, tarixchi, faylasuf, siyosatshunos olimlarning Birinchi Prezident hayoti va faoliyatiga oid qo‘lyozmalari, badiiy adabiyotlar, ilmiy nashrlar keng jamoatchilikka taqdim etilgan.

O‘tgan vaqt davomida kutubxonani texnik va texnologik jihatdan jihozlash, kitoblar fondini yanada boyitish, kitobxonlarga xalqaro mezonlarga to‘liq javob beradigan shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida keng ko‘lamli ishlar bajarilgan. Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi asnosida mutlaqo yangi qiyofadagi zamonaviy, avtomatlashtirilgan kutubxonani shakllantirishga erishilgan.

Ochilish marosimida Tatyana Karimova mazkur kutubxona Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birinchi Prezident xotirasiga nisbatan hurmati va e’tiborining yorqin namunasi ekanligini alohida ta’kidlab, Islom Karimov boshlab bergan yo‘lda sobitqadam bo‘lib, “Yangi O‘zbekiston” tarixini yaratish, mamlakatning ilmiy-ma’rifiy salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarga, xususan, respublika kutubxonachilariga muvaffaqiyatlar tiladi. Birinchi Prezident Islom Karimov nomidagi kutubxonaning ochilishi bilan samimiy muborakbod etdi.

Ochilish marosimida “Oltin meros” xalqaro xayriya fondi raisi Amirqul Karimovning “Istiqlol tarixidan lavhalar” kitobi hamda O‘zFA fundamental kutubxonasining direktori Zuhra Berdiyeva tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov biobibliografiyasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Kutubxonadan 70 mingga yaqin kitob joy olgan. Ularning 500 dan ortig‘i Tatyana Karimova tomonidan taqdim etilgan. Ushbu kitoblar Islom Karimovning shaxsiy kutubxonasidagi asarlar.

Ziyo maskanidan joy olgan kitoblarning 1000 dan ortig‘i Birinchi Prezident Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida yozilgan asarlar bo‘lib, yana 1000 dan ziyodi XIX-XX asrga oid noyob adabiyotlardir. 


Maqola muallifi

Teglar

Islom Karimov xotirasi Tat'yana Karimova

Baholaganlar

109

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing