Tarixda ilk bor Laptev dengizi bu yil muzlamadi
Bu qiziq
−
09 noyabr 2020
6770Global isish tufayli tarixda ilk marta Shimoliy Muz okeanining chekka dengizi bo‘lmish Laptev dengizi bu yil muzlamadi. Bu haqda “MIR 24” xabar bermoqda.
Laptev dengizi 2016 yilning noyabr oyida butunlay boshqacha ko‘rinishga ega edi. So‘nggi to‘rt yil ichida bu yerdagi deyarli million kvadrat kilometrlik muz erib ketdi.
“2020 yil yozgi mavsumida Laptev dengizidagi muz maydoni so‘nggi 30 yilga nisbatan 20 foizga kamaydi. Va biz buni sayyorada yuz berayotgan global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘laymiz”, dedi Rossiya Fanlar akademiyasining Sibir filiali Permafrost institutining yetakchi ilmiy xodimi Nikita Tananayev.
Ta’kidlanishicha, Laptev dengizida suv odatdagidan besh darajagacha yuqori. Bunday o‘zgarishlardan butun ekotizim aziyat chekishi mumkin. Eriydigan muz tufayli Arktika kamroq issiqlikni aks ettiradi va sayyora odatdagidan ko‘proq qiziydi.
“Muz oq rangga ega va u barcha nurlanishlarni aks ettiradi. Muz qancha kam bo‘lsa, dunyo okeanidagi issiqlik shuncha ko‘p bo‘ladi”, dedi Nikita Tananayev.
Bu holatdan hayvonot dunyosi ham aziyat chekmoqda. Bahorda oq ayiqlar ov qilish va nasllarini davom ettirish maqsadida Shimoliy qutbdan orollarga suzib kelishadi. Ammo muhitning o‘zgargani sababli, ular ovlaydigan o‘ljalar kamayib ketyapti. Shu bois yirtqichlar odamlarga hujum qilayotgan holatlar ko‘paymoqda.
LiveBarchasi