Tanzila Norboyeva Jahon banki vitse-prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
19 iyul 2019
4049Kecha, 18 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA nashri xabar tarqatdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan o‘zgarishlar, xususan, iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan yangilangan siyosat mehnat huquqi, aholi salomatligi, ta’lim kabi sohalarda sezilarli natijalarga erishish imkonini berayotgani qayd etildi. Bunda Jahon banki bilan hamkorlikda hayotga joriy etilayotgan loyihalar muhim o‘rin tutmoqda.
Siril Myuller O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar, avvalo, xalq farovonligini oshirishga qaratilganini ta’kidlab, mamlakatimizda qisqa muddatda gender tengligini ta’minlash, majburiy mehnatga chek qo‘yish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishilganini yuqori baholadi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari, yirik loyiha va dasturlar ijrosiga xorijiy sarmoya, jumladan, xalqaro moliya institutlari investitsiyalarini jalb etish borasida hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.