Tanzila Norboyeva Nazarboyevning qizi bilan uchrashadi
Jamiyat
−
04 noyabr 2019
6193O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati Raisining taklifiga binoan joriy yil 4-5 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashrif doirasida Qozog‘iston parlamenti Senati Raisi Darig‘a Nazarboyeva va boshqa rasmiy shaxslar bilan muzokaralar o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Uchrashuvlarda parlamentlararo aloqalarning amaliy jihatlari, shu jumladan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq tatbiq etish ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, qonun ijodkorligi faoliyatining axborot-tahliliy ta’minoti, shuningdek mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama etish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 56 yashar parlament raisi Darig‘a Nazarboyeva mamlakatning birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning qizi. U otasi Prezidentlik davrida Qozog‘iston Parlamenti Yuqori palatasining Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritdi. O‘sha vaqtdagi Senat raisi Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat rahbarligiga kirishgandan keyin Nazarboyeva Senat raisi lavozimini qabul qilib oldi.