Tanzila Norboyeva milliy komissiya raisi bo‘ldi
Jamiyat
−
03 avgust 2019
3850Bugun, 3 avgust kuni Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Noboyeva olib bordi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda Milliy komissiya a’zolari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tuzilgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali ijro etilishini ta’minlash hamda Milliy komissiya faoliyatiga oid ayrim tashkiliy masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Milliy komissiya tarkibidagi Odam savdosiga qarshi kurashish hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyalar tarkibi ham ko‘rib chiqildi. Kichik komissiyalar faoliyatini tartibga soluvchi tegishli nizom loyihalari, ish rejalari hamda 2019 – 2020 yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasini ishlab chiqish va Milliy komissiyaga kiritishga doir masalalarga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, majburiy mehnatga qarshi kurashish hamda odam savdosining oldini olish, bu kabi salbiy holatlarning ro‘y bermasligiga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, bunda mavzuga doir videorolik, sharh, risola, plakat, buklet, flayer va boshqa materiallar tayyorlash, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘ida zarur ma’lumotlar tarqatish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, fuqarolarning odam savdosida qo‘llaniladigan vosita va uslublardan xabardorlik darajasini oshirishda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanish zarur.
Shuningdek, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi o‘rganilib, milliy amaliyotga tatbiq qilinishi lozimligi qayd etildi.
So‘zga chiqqanlar odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalarida amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, shuningdek Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, mehnat sohasidagi asos soluvchi tamoyillar va huquqlarga rioya etilishi bo‘yicha xalqaro metodologiyalar va vositalardan foydalangan holda majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish masalalariga ham urg‘u berdilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etish va ularning tarkibini tasdiqlash, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha 2019–2020 yillarga mo‘ljallangan hududiy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash, shuningdek, hududiy komissiyalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida har chorakda Milliy komissiyaga axborot taqdim etib borish vazifalari yuklatildi.
Yig‘ilishda Milliy komissiyaning faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga rioya qilish, Milliy komissiyaning rasmiy veb-sayti ishlab chiqish va uning faoliyat yuritilishini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilish zarurligi haqida ham so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilingani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi