Tanzila Norboyeva AQSHda! U Trampning yordamchisi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
10 fevral 2019
9024O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ayni vaqtda AQSHda bo‘lib turibdi. U Vashingtonda Inson huquqlari masalalari bo‘yicha bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
"Cotton Campaign" xalqaro koalitsiya yig‘ilishida ishtirok etish uchun AQSHga tashrif buyurgan Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Vashington shahrida AQSH prezidenti yordamchisi o‘rinbosari Liza Kyortis, davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari masalalari bo‘yicha yordamchisi birinchi o‘rinbosari Elis Uells, shuningdek davlat kotibining inson huquqlari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Maykl Kozak bilan uchrashdi.
Liza Kyortis bilan uchrashuv davomida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni faollashtirish, O‘zbekistonning mintaqaviy jarayonlardagi rolini kengaytirish, jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalariga murojaat qilindi. Oq uy vakili respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni, ayniqsa, inson huquqlari himoyasi bilan bog‘liq ishlarni yuqori baholagan.
AQSH diplomatlarining fikricha, O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasining "Cotton Campaign" yig‘ilishida birinchi marta ishtirok etishi respublika rahbariyatining inson huquqlari va erkinligini himoya qilishga yo‘naltirilgan islohotlarni to‘laqonli amalga oshirishga qat’iy bel bog‘lagani va Toshkentning barcha masalalar bo‘yicha ochiq hamda konstruktiv muloqotga tayyor ekanini tasdiqlaydi.
AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Elis Uells O‘zbekistonda nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikdagi harakatlar faollashuvini olqishladi. Uning fikricha, ayni damda O‘zbekistondagi islohotlarda kuzatilayotgan ochiqlik va shaffoflik mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi. Diplomat O‘zbekiston-Amerika o‘rtasidagi barcha yo‘nalishdagi hamkorlik, konstruktiv muloqot va fikrlar almashinuvi tajribasini yuqori baholadi hamda ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari o‘rtasidagi maslahatlashuvning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrifini intizorlik bilan kutayotganini ta’kidladi.
Davlat kotibi yordamchisi vazifasini bajaruvchi Maykl Kozak bilan muzokaralar davomida O‘zbekistonda majburiy mehnatni yo‘q qilish, qishloq xo‘jalik sektoridagi islohotlar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalar, nodavlat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini soddalashtirish, OAV erkinligini ta’minlashga doir amaliy choralar muhokama qilindi. Diplomat O‘zbekiston nafaqat majburiy mehnatni yo‘q qilish masalasida, balki diniy erkinlikni ta’minlashda ham sezilarli yutuqlarga erishganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, bu xizmatlarning e’tirof etilishiga mamlakatning AQSH Davlat departamenti va Mehnat departamenti hisobotlaridagi pozitsiyalarining yaxshilanishi hamda uning "diniy erkinlik bo‘yicha alohida xavotir uyg‘otuvchi mamlakatlar ro‘yxati"dan chiqarilishi sabab bo‘lgan.