Taniqli propagandachi Tigran Keosayan vafot etdi

Olam

image

Taniqli kinorejissyor, teleradio boshlovchi va propagandachi Tigran Keosayan 59 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning rafiqasi Margarita Simonyan o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

“Bugun tunda Tigran Yaratganning huzuriga ketdi. Duoda bo‘lganlarning barchasiga rahmat. Hozir hech kim menga ham, oilamga ham qo‘ng‘iroq qilmasin. Hammaga katta rahmat”, deb yozdi Simonyan.

Qayd etish joiz, joriy yilning yanvarida Tigran Keosayan klinik o‘limdan so‘ng komaga tushib qolgan edi.

Ma’lumot uchun, Keosayan 1966 yil 4 yanvarda tug‘ilgan. U mashhur rejissyor va ssenarist Edmond Keosayanning o‘g‘li (u “Qo‘lga tushmas qasoskorlar” filmi bilan tanilgan). Tigranning akasi David esa prodyuser va ssenarist hisoblanadi.

1984 yilda Keosayan S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya universitetining rejissyorlik fakultetiga o‘qishga kirgan. Uning kursdoshlari orasida Fyodor Bondarchuk ham bo‘lgan. U bilan birga qo‘shiq kliplarini suratga ola boshlagan va Nataliya Vetlitskaya, Irina Allegrova, Mixail Shufutinskiy va boshqa san’atkorlarga videoroliklar ishlab chiqqan.

Keosayanning ilk to‘liq metrajli filmi “Katka va Shiz” 1992 yilda ekranlarga chiqqan. Shuningdek, u “Bechora Sasha”, “Kumush lola”, “Qrim ko‘prigi. Sevgi bilan yaratilgan!”, “Yalta-45”, “Dengiz. Tog‘lar. Keramzit” kabi filmlar va seriallarni suratga olgan.

Bundan tashqari, Keosayan ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritgan. U REN TV telekanalida “Tigran Keosayan bilan kechqurun” va “Jim turish kifoya!” tok-shoularini, NTV kanalida “Xalqaro pilorama” dasturini olib borgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil aprelida u o‘zining teleko‘rsatuvida Qozog‘iston va uning aholisi haqida haqoratli so‘zlar aytgan edi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bu bayonotlarga e’tibor qaratib, bunday chiqishlar Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar muhitini buzishini bildirgan. Keyinchalik TIV matbuot kotibi Keosayan mamlakatga kirishi istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritilishini aytgan va unga “persona non grata” maqomi berish jarayoni boshlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Tigran Keosayan propagandachi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing