“Ruxsat so‘rab o‘tirmayman”. Keosayan Qozog‘istonda qo‘yilgan taqiqni mazax qildi

Olam

image

Avvalroq, rossiyalik kinorejissyor va teleboshlovchi Tigran Keosayan Qozog‘istonda terrorchilar bilan bir ro‘yxatga kiritilgani haqida xabar bergan edik.

Tigran Keosayan Qozog‘istonga kirishi taqiqlangani va terrorchilar bilan bir ro‘yxatga tushganiga “hazil bilan” qarashini aytdi. Bu haqda “Gazeta” nashri xabar berdi.

Keosayanning so‘zlariga ko‘ra, u Qozog‘istonga mamlakat rasmiylaridan ruxsat so‘ramasdan ham bora oladigan payt keladi.

“Men aql bovar qilmaydigan hazil bilan yondashaman, go‘yo vatanim menga orden bergandek munosabatda bo‘laman. Bu kulgili, shunchaki kulgili. Men, ehtimol, juda og‘riqli nuqtaga yoki ularni aql bovar qilmaydigan qo‘rquvga olib keladigan nuqtaga urdim. Shuning uchun men jurnalistlik ishini to‘g‘ri bajardim. Qozog‘istonga albatta kelaman. Men Qozog‘iston rasmiylaridan ruxsat so‘ramayman. Shunday payt keladiki, men, albatta, o‘z vatanim Qozog‘istonga, o‘z vatanim, sovetcha, yana bir bor takrorlayman, o‘zim voyaga yetgan Qozog‘istonga kelaman”, degan teleboshlovchi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 aprel kuni Keosayanning YouTube’dagi kanalida uning qozog‘istonliklarni noshukrlikda ayblab, Ukrainadagi ahvoldan xulosa chiqarishga chaqirgan haqoratli videosi paydo bo‘lgandi. 

“Qozoqlar, birodarlar, bu qanday noshukrlik? Yigitlar, sizlar rostdan ham Rossiya qaygadir bug‘lanib ketdi, degan qarorga keldinglarmi? Marsga ko‘chib ketyaptimi? Yoki sizlar ko‘chib ketyapsizlarmi? Men Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Tigran Edmondovich Keosayan shaxsiy fikrimni aytaman. Ukrainaga diqqat bilan qarang, jiddiy o‘ylab ko‘ring. Ukrainaga diqqat bilan qarang, jiddiy o‘ylab ko‘ring. O‘ylaymanki, bizning mas’ullarimiz ham munosabatlar darajasini qayta baholashlari, qayta ko‘rib chiqishlari kerak. Chunki, azizlarim, agar siz shunday ayyor bo‘lishda davom etaman va buning uchun hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylasangiz, adashasiz”, deydi Keosayan tahdidnamo tarzda.

Buning ortidan Qozog‘iston TIV Keosayaning mamlakatga kirishi taqiqlanishini e’lon qilgandi. Oradan ikki oy o‘tib, OAVda u Qozog‘istonning “istalmagan shaxslar” ro‘yxatiga kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Ro‘yxatda asosan terrorchilar va shunga o‘xshay kimsalar kiritilgan.

Tigran Keosayan “Rossiya segodnya” xalqaro axborot agentligi, RT telekanali va “Sputnik” axborot agentligining bosh muharriri Margarita Simonyanning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi. Yuqoridagi ommaviy axborot vositalari Rossiya asosiy propoganda mashinasi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Tigran Keosayan

Baholaganlar

538

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing