Qozog‘iston TIV mamlakatga “tosh otgan” rossiyalik jurnalistni “qora ro‘yxat”ga kiritdi

Olam

image

Qozog‘istonga Ukrainada bo‘layotgan voqealardan xulosa chiqarishni aytib, tahdid qilgan arman millatiga mansub rossiyalik jurnalist va rejissyor Tigran Keosayan mamlakatga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Qozog‘iston TIV matbuot kotibi Aybek Smadiyarov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tigran Keosayanni “qora ro‘yxat”ga kiritish qarori sobiq direktor Qozog‘iston haqida salbiy fikr bildirgan kunning o‘zidayoq qabul qilingan. Tashqi ishlar vazirligi zudlik bilan uni “persona non grata” ro‘yxatiga kiritishni taklif qilgan. Shu kuni tegishli idoralar tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Hozirda hujjatlarni rasmiylashtirish kabi mayda jarayonlar qolgan.

Keosayan nima degandi?

Joriy yilning 24 aprel kuni Keosayanning YouTube’dagi kanalida uning qozog‘istonliklarni noshukrlikda ayblab, Ukrainadagi ahvoldan xulosa chiqarishga chaqirgan haqoratli videosi paydo bo‘ldi.

“Qozoqlar, birodarlar, bu qanday noshukrlik? Yigitlar, sizlar rostdan ham Rossiya qaygadir bug‘lanib ketdi, degan qarorga keldinglarmi? Marsga ko‘chib ketyaptimi? Yoki sizlar ko‘chib ketyapsizlarmi? Men Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Tigran Edmondovich Keosayan shaxsiy fikrimni aytaman. Ukrainaga diqqat bilan qarang, jiddiy o‘ylab ko‘ring. Ukrainaga diqqat bilan qarang, jiddiy o‘ylab ko‘ring. O‘ylaymanki, bizning mas’ullarimiz ham munosabatlar darajasini qayta baholashlari, qayta ko‘rib chiqishlari kerak. Chunki, azizlarim, agar siz shunday ayyor bo‘lishda davom etaman va buning uchun hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylasangiz, adashasiz”, deydi Keosayan tahdidomuz tarzda.

Jurnalist dunyo o‘zgarganini, hozir urush vaqti ekanini ta’kidlab, Qozog‘iston va boshqa davlatlar o‘z tarafini belgilashi kerakligini urg‘ulagan.

“Dunyo o‘zgardi, hamma narsa o‘zgardi. Va poyezd ketmoqda. Siz hali ham oxirgi vagonga osilib olishingiz mumkin. Lekin siz bunday chalqala olmaysiz. Hech bo‘lmaganda men bunga ishonaman, chunki hamma do‘stlik o‘yinlari tugadi. Endi bu omon qolish masalasi.

Urush ketyapti. Ikki ulkan, katta g‘oya, ikkita katta davlat va ikkinchi davlat Ukraina emas, balki Amerika va NATOdir. Ammo qolgan barcha davlatlar, ayniqsa, qardosh davlatlar qat’iyatli bo‘lib, taraf olishlari kerak. Va biz diqqat bilan kuzatishimiz kerak – kim biz bilan va kim yo‘q”, deydi Keosayan.

U bir qarorga kelmagan, nodo‘stona signallar bergan davlatlarga hech bo‘lmaganda iqtisodiy va axborot doktrinasida dushmandek qarash kerakligini ta’kidlab o‘tgan. Shu bilan birga jurnalist KXSHT kuchlari Qozog‘istonda tartibsizliklarni bostirishga, hukumatni saqlab qolishga yordam berganini aytib, rasmiy Nur-Sulton 9 may munosabati bilan harbiy parad o‘tkazmasligini tanqid qilgan.

Tigran Keosayan “Rossiya segodnya” xalqaro axborot agentligi, RT telekanali va “Sputnik” axborot agentligining bosh muharriri Margarita Simonyanning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi. Yuqoridagi ommaviy axborot vositalari Rossiya asosiy propoganda mashinasi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Tigran Keosayan

Baholaganlar

125

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing