“Tanqid qilsang, taklif qil” – Jurnalistlar uyushmasi mansabdorining javobi Allamjonovga qaratilganmi?
Jamiyat
−
12 mart 2019
7195Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyati tanqidga olingan maqolalar, chiqishlar soni ortib bormoqda. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan anjumanda ham agentlik direktori Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyatini tanqid qilib, media sohasidagi muammolarni hal etishda bu instansiyaning roli yo‘qligi, uning faqat nomi mavjudligini aytgandi. O‘z o‘rnida Allamjonovning bu chiqishi ko‘plab ommaviy axborot vositalari tomonidan olqishlandi.
Biroq, tanganing ikkinchi tarafi bo‘lganidek, uyushma faoliyatida ham o‘ziga yarasha muammo va kamchiliklar mavjud. Bularni esa hozirgi imkoniyatlar bilan hal etish mushkul. O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida chiqish qilib, mavjud muammolarga to‘xtaldi. U shunday deb yozadi:
“Yaqinda taniqli, obro‘-e’tiborga ega bir tanishim Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari haqida gapirib, ikki uyushmani taqqoslagan kishi bo‘lib, Yozuvchilar uyushmasini maqtadi, Jurnalistlar uyushmasini tanqid qildi.
“Tanqid qilsang, taklif qil” degan gap bejiz aytilmagan. O‘sha tanishim uyushmamizni osongina tanqid qildi-yu taklif bildirmadi, bildiraolmasdi ham. Chunki u Jurnalistlar uyushmasi, uning strukturasi, imkoniyat va vakolatlari haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas.
Men uyushmamiz hamma ishni qoyillatmoqda, Yozuvchilar uyushmasi maqtovga noloyiq, deyishdan yiroqman. Ammo ikki tashkilot faoliyatiga baho berishda, avvalo, ularning kuchi, tomonlar imkoniyatlari, shart-sharoitlarini ham hisobga olish adolatdan bo‘lishini eslatmoqchiman.
O‘sha odam yozuvchilar uyushmasi jamoasi barcha zarur shart-sharoit yaratilgan alohida zamonaviy binoda, ishlashga qulay va shinam xonalarda emin-erkin faoliyat olib borayotganini, tizimda (viloyatlar bilan qo‘shib hisoblaganda) 110 nafardan ziyod xodim ishlayotganini, uyushma raisining to‘rt nafar o‘rinbosari borligini, Jurnalistlar uyushmasida esa (viloyatlar bilan qo‘shib hisoblaganda) 40 nafardan ortiq xodim ishlayotganini, ayni kunda raisning bir nafar o‘rinbosari faoliyat olib borayotganini, Jurnalistlar uyushmasi markaziy apparatining un nafardan ko‘proq xodimi uchta xonaga tiqilib, noqulay sharoitlarda ishlayotganini bilarmikin...”
Xolmurod Salimov tanishi bilan muloqotga javoban kechinmalarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildiyu ammo O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonovning aytganlariga javob qaytarmagan. Balki qizim senga gapiraman, kelinim sen eshit qabilida ish tutgandir.
LiveBarchasi