“Tangem” G‘azodagi bolalar uchun 38 ming dollar xayriya qildi
Olam
−
24 noyabr 2023
10999“Saroy javohiri” serialidagi Tangem obrazi bilan ko‘pchilikka tanish bo‘lgan koreyalik mashhur aktrisa Li Yong E Falastin-Isroil mojarosi oqibatida jabrlangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million von (38,54 ming dollar) xayriya qildi. Bu haqda Koreya Qizil Xoch tashkiloti X sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Yong E tomonidan qilingan xayriya pullar jabrlangan hududlardagi bolalarga tibbiy yordam va Xalqaro Qizil Xoch harakati orqali insonparvarlik yordami yetkazib berish kabi ishlarga sarflanadi.
“BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (UNOCHA) bergan ma’lumotga ko‘ra, 20 noyabr holatiga ko‘ra G‘azo sektorida halok bo‘lgan 11 078 kishining 4 506 nafari bolalardir. Infratuzilmaning buzilishi va insonparvarlik yordamiga cheklovlar tufayli qurbonlar soni ortmoqda”, deyiladi xabarda.
Aytish joiz, Falastin hukumatining G‘azodagi matbuot bo‘limi 22 noyabrda taqdim etgan ma’lumotlarda esa Isroilning blokadadagi G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 14 828 ga yetgani qayd etilgan.
Shuningdek, raketa hujumlari oqibatida 205 tibbiyot xodimi, 22 fuqaro mudofaasi xodimi va 62 jurnalist halok bo‘lgan. Bundan tashqari, G‘azo sektorining 33 mingdan ortiq aholisi jarohatlangan, ularning 75 foizi bolalar va ayollar hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, bu aktrisa Li Yong Ening urush oqibatida jabrlanganlarga ilk xayriyasi emas, u 2022 yiling 1 mart kuni ham Ukraina xalqiga yordam berish uchun 100 million von (o‘sha vaqtdagi kurs bo‘yicha 83 ming dollar) xayriya qilgan edi.
LiveBarchasi