Tanasiga trekking tayog‘i sanchilgan erkak 16 km yurib, omon qoldi

Olam

image

AQSHning Montana shtatida 32 yoshli Devid Cifaldi tanasini teshib kirgan trekking tayog‘i bilan 16 kilometr yurib, omon qoldi. Bu haqda “The Guardian“ xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 20 iyul kuni Cifaldi ikki do‘sti bilan Granit pik cho‘qqisiga chiqayotgan paytda, taxminan 3,6 ming metr balandlikda sodir bo‘lgan. U qoyalar ustida muvozanatini yo‘qotib, qo‘lidagi trekking tayog‘i ustiga yiqilgan. Natijada tayoq tanasining bir tomonidan kirib, ikkinchi tomonidan chiqib ketgan. Biroq Cifaldi o‘zi tez tibbiy yordam xodimi bo‘lgani sababli vahimaga tushmagan. U o‘z holatini baholab, jarohat o‘sha vaqtda hayoti uchun bevosita xavf tug‘dirmayotganini aniqlagan.

“O‘sha paytda tibbiy xodimlik reflekslarim va kasbiy bilimlarim ishga tushdi. O‘zimni tezda tekshirib, jarohat hayotim uchun bevosita xavf tug‘dirmayotganini anglagach, tog‘dan o‘z kuchim bilan tusha olishimga ishondim”, deydi u.

Shundan so‘ng, Cifaldi tanasiga sanchilib qolgan trekking tayog‘i bilan tog‘dan tusha boshlagan. U 6,5 soat davomida qariyb 16 kilometr yo‘l bosib, qutqaruvchilar va tibbiy yordam yetib borishi mumkin bo‘lgan xavfsiz hududga chiqqan.

Xabar qilinishicha, ushbu noodatiy hodisadan mo‘’jizaviy tarzda omon qolgan Cifaldi shifoxonadagi davolanish xarajatlarini qoplash maqsadida mablag‘ yig‘ish kampaniyasini boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikada 14 kun suv bosgan konda yashagan erkak omon qolgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing